21:39 / 24.07.2020
16675
«Migrans lives matter» – Moskva fuqarosi mehnat muhojirlari oldida tiz cho‘kishga chaqirdi
Foto: Videodan olingan kadr

Moskvalik Aleksandr Andriyanov «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida «Migrans lives matter» (Migrantlar hayoti ahamiyatli) nomli ijtimoiy harakati boshlaganini e'lon qildi.

U ko‘chada MDH davlatlarining biridan kelgan va maxsus ish kiyimda bo‘lgan mehnat muhojirining oldida tiz cho‘kib, uning oyoq kiyimlarini tozalagan hamda jarayonni videoga olib, o‘z sahifasiga joylagan. Postga «Mehnat muhojirlariga mana shunday munosabatda bo‘lishimiz kerak» degan yozuv ilova qilingan.

Videoda Andriyanov «Migrans lives matter» (migrantlar hayoti ahamiyatli) yozuvli futbolkada bo‘lgan. U shu tariqa AQShda davom etayotgan «Black lives matter» (qora tanlilar hayoti ahamiyatli) namoyishlarga payrov tariqasida shior tanlagan.

Andriyanov videoda Rossiyaning aksariyat aholisi atrofda yashaydigan odamlar haqida o‘ylamasligidan shikoyat qiladi. Uning fikriga ko‘ra, mamlakatda muhojirlarga ikkinchi toifadagi odamlardek munosabatda bo‘lishadi: ular tahqirlanadi, doimiy tekshiruvlar bilan qiynoqqa solinadi va ish haqlari to‘lanmaydi. Andriyanovning so‘zlariga ko‘ra, ko‘cha tozalaydigan, oziq-ovqat yetkazib beradigan va uy quradigan odamlar antisanitar sharoitda va iflos kazarmalarda yashashga majbur bo‘lmoqda.

«Odamlarni ruslar, o‘zbeklar, amerikaliklar, yaponlar deb ajratish kerak emas. Shunchaki Yer sayyorasida yashovchilar bor deb fikrlash, barchaga teng huquq va imkoniyatlar berilishi kerak. Hamma hurmat qilishga munosib», deydi Andriyanov.

Andriyanovning posti ostiga ko‘plab internet foydalanuvchilari izoh qoldirgan va ularning aksariyati ushbu faolning tashabbusini qo‘llab-quvvatlamagan. Sharh qoldirganlar Andriyanovni «siyohdon» deb atagan hamda AQShga qul sifatida olib kelingan qora tanlilardan farqli ravishda mehnat muhojirlari pul ishlash uchun Rossiyaga ixtiyoriy kelishini va qilgan mehnatiga yarasha haq olishini aytishgan.

Top