13:10 / 24.07.2020
7031

Migratsiya agentligi Janubiy Koreya hukumati ishchi vizasi bilan kirib kelish bo‘yicha yangi tartib ishlab chiqayotganini ma'lum qildi

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining xabar berishicha, 23 iyul Seul shahrida Koreya Bandlik va mehnat vazirligi tomonidan Koreya kasb sifatini baholash xizmati bilan hamkorlikda Covid-19 pandemiya davrida boshqa davlat fuqarolarning Koreya Respublikasiga kirib kelishi va tark etishi yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tgan.

«Yig‘ilishda Koreyada vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirib vatanga qaytayotgan fuqarolarning o‘z vaqtida Koreya hududini tark etish masalasi ko‘tarildi. Bu borada Koreya hukumati tomonidan fuqarolar uchun barcha sharoitlar yaratilayotgani, viza muddati tugayotgan fuqarolarning o‘rnatilgan tartibda immigratsiya xizmatiga murojaat etish orqali viza muddatlarini uzaytirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Agar fuqarolar o‘z vaqtida Koreyani tark etmay noqonuniy ravishda ushbu davlatda qolgan taqdirda o‘sha davlat bo‘yicha fuqarolar ko‘rsatkichi ko‘p bo‘lsa, keyingi yilga yangi ishchilarning kirib kelish kvotasiga ta'sir etishi alohida ta'kidlandi», deyiladi agentlik xabarida.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi direktori matbuot kotibi Ortiqxo‘ja Norovning aytishicha, yig‘ilish doirasida o‘tkazilgan brifingda pandemiya davrida turli davlatlarda paydo bo‘layotgan muammolar haqida to‘xtab o‘tilgan.

«Bugungi kunda agentligimizning Kvangju shahridagi vakolatxonasi tomonidan Koreya Respublikasidan uchib borayotgan aviareyslar «yashil reys» maqomiga ega ekanligi, Koreyadan kirib borgan fuqarolar 14 kunlik karantinga olinmasligi yuzasidan joriy yilning 14 iyundagi Respublika maxsus komissiyasi tomonidan qaror qabul qilinganligi, 15 iyundan boshlab karantin talablarining yengillashtirilganligi tufayli, aviaqatnovlarning qaytadan yo‘lga qo‘yilganligi hamda hozirgi kundagi O‘zbekistondagi pandemiya holati bo‘yicha axborot berildi.

Vakolatxona va elchixona tomonidan mehnat migrantlarini Koreya hududini tark etishi borasida har tomonlama amaliy yordam berilayotgani ta'kidlandi. Qolaversa, Vakolatxona tomonidan, ayrim sabablarga ko‘ra, Koreya Respublikasidan O‘zbekiston Respublikasiga ketgan fuqarolarning mehnat ta'tili, viza muddati tugayotganligi, ish joyini almashtirishni tegishli tashkilotlarda qayd etish muddati tugab borayotganligi, ularning Koreyaga kirib kelishi yuzasidan ko‘plab muammolar mavjud ekanligi, bu muammolar yuzasidan o‘zaro hamkorlikda yechim topish yuzasidan yig‘ilish tashkilotchilariga takliflar bildirildi.

O‘z navbatida Koreya hukumati tomonidan ishchi vizasi bilan kirib kelish bo‘yicha yangi tartib ishlab chiqilayotganligi va mazkur tartib to‘liq ishlab chiqilgandan so‘ng yaqin kunlarda taqdim etilishi ma'lum qilindi», deya Ortiqxo‘ja Norovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Migratsiya agentligi viza muddati tugayotgan Koreya hududidan chiqib ketishda muammolarga duch kelayotgan fuqarolardan O‘zbekistonning Koreyadagi elchixonasi yoki vakolatxonaga viza muddati tugashidan oldin murojaat qilishni so‘ragan.

Mavzuga oid
Top