17:56 / 24.07.2020
16578
Onam ham, turmush o‘rtog‘im og‘ir dardga chalinishgan, qaysi birini eplashni bilmay qoldim – ayol ko‘makka juda muhtoj

Inson duch keluvchi dardlar turli-tuman va har biri o‘zicha murakkab. Kun.uz saytiga xayriya so‘rab murojaat qiluvchilar aynan ular eng qiyin sharoitda ekanligini ta'kidlaydilar va ularni ham tushunish mumkin. Navbatdagi murojaat egasi buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekayotgan turmush o‘rtog‘iga yordam so‘radi. Ammo uning taqdiri bilan qiziqqanimizda sinovlar bu bilan tugamaganiga guvoh bo‘ldik.

– Erim Zafar Xo‘jamov harbiy bo‘lgan. Zabardast, baquvvat edilar, hamisha shu xalqiga xizmat qilish payida yurgan. Hali 30 yoshga ham kirmay juda og‘ir dardga chalinib, o‘zini ham eplolmay qoldi. Shifokorlar “Surunkali glomerulonefrit, SBe terminal bosqichi. Renal anemiya og‘ir darajasi, uremiya “ degan murakkab tashxislar majmuasini qo‘yishgan. 8 yildirki shu dard bilan kurashib keladi.

Xo‘jayinim uzluksiz gemodializ muolajalari bilan jon saqlab turibdi. U kishining hayotini saqlab qolish uchun yagona usul – bu buyrak ko‘chirib o‘tkazish. Men buyragim emas, bolalarim otasiz qolmasligi uchun jonimni ham berishga tayyorman, – dedi bemorning ayoli Nazira Rasulova.

Erimning sog‘ligiga qayg‘ursam, keksa va nogiron onam ham borlar. Ko‘zlari ojiz, biz bilan yashaydilar. O‘zimiz yakkabog‘likmiz, poytaxtda ijarada turamiz, chunki har ikkisiga uzluksiz muolajalar kerak. Yaqinda onamda ko‘krak saratoni aniqlanganda yig‘lashga ham holim qolmadi...

O‘zim 1 mln so‘mga ham yetmaydigan maosh olaman, juda ko‘pchilikdan yordam so‘radim. Xayriyat, yaxshi insonlar ko‘p yurtimizda. Yaqinda o‘zini tanishtirmagan bir inson 10ta dorimizni olib berdi. Karantindan oldin 2,5 mln so‘m turadigan bu dorining bahosi ham hozir 3,8 mln so‘mgacha chiqib ketdi. Hindistonda bo‘lishi rejalashtirilgan, mening bir buyragim ko‘chirib o‘tkaziladigan operatsiya bahosi 20 ming dollar ekan. O‘zimiz, qarindosh urug‘lar ham qarab turganimiz yo‘q, bor budimizni sotib 10 ming dollar yig‘ib qo‘ydik. Ikki bemorni eplash nihoyatda qiyin bo‘layapti. Iltimos, saxovatli insonlar bizga yordam bersinlar, – yig‘lab so‘zladi Nazira Rasulova.

Zafar Xo‘jamovga oid ma'lumotlar:

Plastik karta: 8600 0417 8871 3833 (Agrobank, Zafar Xo‘jamov nomida)

8600 0609 7437 9241 (Xalq banki, Zafar Xo‘jamov nomida)

Sberbank: 4276 4000 4292 9233 (otasi Zokir Xo‘jamov nomida)

Telefon raqami: +998900044500 Zafar, + 998909882183 Nazira

 Azizlar! Bu murakkab sinovlar qarshisida turgan oila taqdiri har qanday insonning qalbida achinish uyg‘otadi. Duo qilib, bemorlar salomatligini so‘rovchi yurtdoshlarimiz orasida o‘zidan orttirganini boshqalarga ilinuvchilar juda ko‘pchilik. Bugun ham ularning saxovatiga suyanamiz va topganlariga baraka berishini so‘rab qolamiz.

 Abror Zohidov tayyorladi.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Top