20:51 / 24.07.2020
97017

Qoraqalpog‘istonda tuman hokimi vafot etdi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumani hokimi Davlat Ayapbergenovich Tolibayev olamdan o‘tgan. Bu haqda mahalliy nashrlar xabar bermoqda. 

Respublikadagi tumanlar hokimliklari matbuot xizmatlari Davlat Toliboyev vafoti munosabati bilan tuman xalqiga va hokimlik jamoasiga ta'ziya bildirgan.

Daulet Tolibayev 1983 yil tug‘ilgan, O‘zbekiston Milliy universitetida tahsil olgan. Ko‘p yillar irrigatsiya sohasida turli tashkilotlarda, jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan. U 2019 yil martidan buyon Qonliko‘l tumani hokimi sifatida ishlab kelayotgandi.

37 yoshda bo‘lgan Davlat Toliboyevning o‘limi sababi hozircha ma'lum emas. Xabarlarda u ham koronavirusdan zararlangan bo‘lgani aytilmoqda.

  • Ma'lumot uchun, Qoraqalpog‘iston Respublikasida shu vaqtgacha koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq 324ta holat qayd etilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi statistikasida ikki o‘lim qayd etilgan, ammo bu hududda koronavirus qurbonlari soni ko‘proq bo‘lishi mumkin.

2020 yil 8 iyulda Nukus shahrida yashovchi 56 yoshli Z.D. o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgani xabar qilingandi (bu 23 iyul kuni prezident tomonidan «Jasorat» medali berilgan marhum Jumaniyozova Zulfiya Yo‘ldoshevna bo‘lishi mumkin).

22 iyul kuni Nukus shahrida yashovchi 42 yoshli B.D. o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etgani ma'lum qilindi. U ham shifokor bo‘lgan. 

OAVda Qoraqalpog‘iston teleradiokompaniyasi direktori Baxitbek Elmonov va Qoraqalpog‘istonning sobiq prokurori Xakimbay Xalimovning vafotiga ham koronavirusdan zararlanish sabab bo‘lgani aytilgan.
 

Top