00:04 / 24.07.2020
18785
Tramp va Putin telefon orqali gaplashishdi. AQSh prezidenti qurollanish poygasi haqida gap ochdi
Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp hamda Rossiya prezidenti Vladimir Putin telefon orqali muloqot qilishdi. Bu haqda Kreml rasmiy saytida xabar qilingan.

Manbada aytilishicha, ikki davlat yetakchilari ko‘plab mavzularda suhbatlashgan.

Tomonlar qurolli kuchlar ustidan nazorat va strategik stabillik haqida fikr almashgan. Kreml saytida yozilishicha, suhbat davomida tomonlar BMT xavfsizlik kengashining doimiy vakillari sammitini o‘tkazishda Rossiyaning tashabbusini e'tirof etgan.

Oq uy rasmiy vakili Jadda Diraning ma'lum qilishicha, Tramp Rossiya, Xitoy va AQSh katta pullar evaziga amalga oshiriladigan qurollanish poygasini to‘xtatishga umid bildirgan. Shuningdek, Tramp va Putin Eron yadro dasturi haqida gaplashib, mintaqaviy hamda global stabillikni ta'minlashda yadrodan xoli bo‘lishning o‘rni katta ekanini ta'kidlashgan.

Rossiya va AQSh prezidentlari suhbat davomida o‘zaro iqtisodiy aloqalarni yaxshilashga tayyor ekanliklarini bildirishgan. Tomonlar Vashington va Moskvaning koronavirusga qarshi kurashdagi hamkorligini olqishlagan. Shuningdek, prezidentlar AQSh va Rossiya hamkorligida amalga oshirilgan «Soyuz – Appolon» kosmik parvozining 45 yilligi bilan bir-birlarini tabriklashdi.

Kremlda ikki davlat yetakchisining muloqoti konstruktiv va mazmunli o‘tgani e'tirof etildi.

Top