15:26 / 24.07.2020
12317

Turkiyalik mutaxassislar guruhi O‘zbekistonga koronavirusga qarshi kurashda maslahatchi sifatida kelishdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Covid-19’ga qarshi kurashda ko‘mak berish uchun O‘zbekistonga turk mutaxassislari konsultant sifatida kelishgani haqida xabar qildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

«Yurtimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolash jarayonini tashkil qilishda yetakchi mamlakatlarning tajribasini o‘rganishga katta e'tibor qaratilmoqda.

Jumladan, Prezidentimiz topshirig‘iga asosan yurtimizdagi Covid-19’ga qarshi kurash markaziy shtabiga koronavirus infeksiyasi tarqalishi oldini olish bo‘yicha konsultantlari sifatida turk mutaxassislari tashrif buyurdi», deyiladi vazirlik xabarida.

O‘zbekistonga kelgan guruh orasida Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligi ilmiy kengashi a'zosi, yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassis, professor Rajab O‘zturk, Xasettepe universiteti ilmiy kengashi a'zosi, jamoatchilik salomatligi bo‘yicha mutaxassis, professor Leven Oqin va Anqara shahar shifoxonasining yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassisi, professor Xatitse Rahmet Guner bor.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov konsultantlarni qabul qildi va mamlakatda Covid-19’ga qarshi olib borilayotgan choralar haqida batafsil gapirib berdi.

Uchrashuv ishtirokchilari yangi koronavirus infeksiyasini profilaktikasi va davolashning amaliy jihatlari, ushbu sohadagi hamkorlikning holati va istiqbollarini muhokama qilishgan. Tadbirda sog‘liqni saqlash sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning tafsilotlari ham muhokama qilingan.

Turkiya mutaxassislari bilan sog‘liqni saqlash sohasida keng hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani ta'kidlangan. Bunda ta'lim sohasidan tortib, ixtisoslashgan tibbiyot muassasalari o‘rtasidagi tajriba almashuv, murakkab jarrohlik amaliyotlarini birgalikda o‘tkazish, tibbiy jihozlar bilan ta'minlashgacha yo‘nalishlar qamrab olingan.

Tomonlar turli yoshdagi bemorlarda Covid-19 kasalligi, yangi turdagi koronavirus infeksiyasining xarakterli belgilari, ushbu kasallikning o‘ziga xos belgilari, diagnostika usullari, davolash protokollari, sog‘aygan bemorlarni kuzatish va boshqa mavzularni muhokama qilishgan. Reanimatsiya bo‘limlarida o‘ta og‘ir bemorlarni davolashning so‘nggi usullariga alohida e'tibor qaratilayotgani aytilgan.

«Covid-19 global muammosining inqirozli ko‘rinishlarini oldini olish va bartaraf etish, shuningdek, oldingi saflarda xizmat qilayotgan tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish hamda kasalligi gumonlanganlarni karantinga olish va bemorlarni davolash tadbirlari butunlay davlat tomonidan qoplanishi bo‘yicha O‘zbekiston rahbariyati tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar Turkiya vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Tashrif davomida turk mutaxassislari tibbiyot muassasalari, jumladan birlamchi tibbiyot muassasalari va Toshkent viloyati Zangiota tumanida barpo etilgan ko‘p tarmoqli maxsus shifoxona ish faoliyati, kasallangan bemorlarni davolash bayonlari, yurtimizda koronavirus infeksiyasining tarqalishi bilan bog‘liq bo‘lgan epidemiologik vaziyatni batafsil o‘rganib chiqadilar, ilmiy-amaliy tadbirlarda ishtirok etadilar hamda yurtimizning turli hududlarida davolanayotgan ahvoli o‘ta og‘ir bemorlarning holatini yaxshilash maqsadida onlayn videokonferensiyalar o‘tkazadilar. 

Shuningdek, Turkiya Respublikasining Covid-19’ga qarshi kurashda ijobiy tajribalarini O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyati ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, koronavirus infeksiyasiga chalingan ahvoli og‘ir bemorlar holati, ularni davolash jarayonini tahlil qilish va kerakli o‘zgartirishlarni kiritish maqsadida xorijlik va mahalliy mutaxassislar va olimlar ishtirokida videokonferensiyalar muntazam tashkil etilmoqda. 

Ayni paytda Germaniyaning yetakchi tibbiyot mutaxassislaridan bo‘lmish professor Verner Ber ham mamlakatimizdagi Covid-19’ga qarshi kurash markaziy shtabida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha konsultant sifatida bo‘lib turibdi. U mamlakatimizning turli hududlarida ahvoli og‘ir bemorlarni samarali davolash bo‘yicha zarur tavsiyalarini bermoqda, natijada davo-muolajalarini korreksiya qilishga erishilmoqda», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Top