19:15 / 25.07.2020
2910

DXMlar tomonidan 2020 yilning 6 oyida 3,6 millionta xizmat ko‘rsatildi – DXA

2020 yil 6 oy davomida davlat xizmatlari markazlari tomonidan 3,6 millionta xizmat ko‘rsatilgan. Xizmatlari turi 13 taga ko‘payib, 143 taga yetgan. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligining axborot xizmati ma'lum qildi.

«Davlat xizmatlari markazlari tomonidan ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari turi 13 taga ko‘payib, ularning soni 143 taga yetdi, 6 oy davomida ko‘rsatilgan xizmatlari soni 3,6 mln.tani tashkil qildi.

Markazlar orqali davlat xizmatlarini qabul qilishga bo‘lgan talabni hisobga olgan holda joriy yil yakuniga qadar yana 20 dan ortiq davlat xizmatlarini ko‘rsatish rejalashtirilmoqda.

Ko‘rsatilgan davlat xizmatlarining statistik hisobotlariga e'tibor beradigan bo‘lsa, ular ichida eng ko‘pi soliq to‘lovchining identifikatsion raqami (STIR) aniqlash, olish va o‘zgartirish – 693 ming, jismoniy shaxslarga, ya'ni elektron raqamli imzo sertifikatini berish – 453 ming, shuningdek Ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish –223 ming, Kadastr pasportini shakllantirish – 199 mingtani tashkil etmoqda», deya agentlik direktori o‘rinbosari No‘'mon Muhammadiyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning qo‘shimcha qilishicha, hisobot davrida davlat xizmatlari markazlarining 96 ta innovatsion binosi foydalanishga topshirilgan, ularning 42 tasi davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida barpo etilgan, ayni vaqtda 90 ga yaqin shunday binolarni qurish ishlari jadal olib borilmoqda.

Shuningdek, aholiga sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun ajratilgan 189 ta «Damas» avtomobillari va 20 ta maxsus jihozlangan «Isuzu» avtobuslari orqali jami 80 mingga yaqin sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Tuman markazidan uzoqda joylashgan (100-300 km) hududlarda hamda aholining ehtiyojlaridan kelib chiqib, davlat xizmatlari markazining mavjud 53 ta filialari soni 57 taga yetkazildi, bu kabi ishlar davom ettirilmoqda.

«Hisobot davri mobaynida Agentlik tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasiga doir 16 dan ortiq qonun hujjatlari ishlab chiqildi, ayrim xizmatlar to‘liq qayta ko‘rib chiqilib, soddalashtirildi. Buning natijasida:

– xizmatlarni ko‘rsatish muddati qisqartirildi;

– idoralararo integratsiyani yo‘lga qo‘yish orqali murojaat qiluvchilar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar soni keskin kamaytirildi;

– xizmat ko‘rsatish jarayoni optimallashtirildi;

– xizmat ko‘rsatuvchi organlar faoliyatini nomarkazlashtirish – ya'ni, xizmat ko‘rsatish vakolatini yuqori turuvchi organdan quyi tuzilmalarga o‘tkazish orqali xizmatning tezkorligini va manzilliligi ta'minlandi.

Shu vaqtga qadar vaqtinchalik reglament asosida ko‘rsatilayotgan 5 ta davlat xizmati doimiy tartibga o‘tkazilishi bo‘yicha yangi reglamentlar qabul qilindi», deydi No‘'mon Muhammadiyev.

Avvalroq DXA direktori o‘rinbosari dekabr oyigacha barcha FHDYo organlarida blokcheyn texnologiyasi joriy etilishini aytgandi. Shuningdek, u endi bola tug‘ilganda birdaniga poliklinikaga hisobga olinishi, bog‘chaga joylashtirish uchun ro‘yxatga olinishi va propiskaga qo‘yilishini ma'lum qilgandi.

Top