02:13 / 25.07.2020
21764
Kuchli karantinga emas, bemorlarga sharoit yaratishga ko‘proq ahamiyat berish kerak - Aziza Xo‘jayeva

Immunolog-infeksionist Aziza Xo‘jayevaning fikricha, hozirgi vaziyatda o‘ta qat'iy karantin o‘rnatish emas, bemorlarning davolanishi uchun sharoit yaratib berish maqsadga muvofiq.

«Hozirgi sharoitda karantin bo‘lishi kerak. Lekin nihoyatda kuchli karantin qilish kerak emas. Chunki karantinning asosiy ma'nosi yo‘qotilgan. Boshida karantin kasallikni to‘xtatish uchun qo‘llanildi. Endi esa kasallik aholi orasiga tarqab ketib bo‘ldi. Har kuni eshitib kelyapmiz, ko‘plab oilalarda bir kishi emas, oilaning barcha a'zolari koronavirusga chalinib, tuzalib ketyapti.

Hozirga kelib, kasallik tarqalishini to‘xtatib bo‘lmaydi. Yaxshisi bemorlar uchun sharoit yaratish kerak. Hozir aprel oyida bo‘lganidek kuchli karantin hech ham kerak emas, bu bizga xalal beradi. Chunki odamlar o‘zi uchun yordam ola bilmay qolishi mumkin – ular kasallansa, qon topshirishi, shifokorga borishi, tekshiruvlardan o‘tishi kerak. Agar poliklinikadan tibbiyot xodimlari maxsus formada uyma-uy yura olsa mayli, lekin hozir bu ularga og‘ir, poliklinika xizmati buni ko‘tara olmaydi. Shuning uchun bemorlar o‘zlari uchun yengilroq yo‘lni tanlashi kerak.

Aholi orasida kasallik kam bo‘lsa, karantin o‘rinli bo‘lardi. Lekin hozir bemorlarning soni ko‘payib ketdi», – dedi mutaxassis «Tez yordam» dasturining 24 iyul kungi sonida.

Virusolog Dildora Seklerga ko‘ra, hozir bemorlarni tibbiy saralab olishga diqqat qaratish lozim.

«Kuchli karantindan maqsad nima edi? Birinchidan, avvaliga kasallik soni ko‘p emas, shuning uchun to‘xtatib turish kerak edi. Ikkinchidan, davolash uchun joy tayyorlab olishga zarurat bor edi.

Hozir bemorlarni tibbiy saralab olishga diqqat qaratish kerak. Misol, «O‘zekspomarkaz»da hammani qabul qilib, saralaydigan tizim ishga tushyapti. Bemorni qabul qilishadi, agar unda kasallik yengil yoki o‘rta og‘irlikda bo‘lsa, kerakli ko‘rsatmalarni berib, uyga yuboradi. Ahvoli og‘irroq bo‘lsa, shifoxonaga yo‘naltiradi», dedi u.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top