17:55 / 25.07.2020
9180

O‘zbekiston shaharlarida chiqindilar muammosi: masalaga zamonaviy yechim taklif etilmoqda

Rustam Ibragimov ishlab chiqqan Ecocity chiqindi qutilari o‘z-o‘zini moliyalashtira oladi. Ularni o‘rnatish orqali davlat budjetidan ajratiladigan sarf-xarajatlarni tejash va chiqindi qutilarini ko‘paytirish mumkin.

Yon-atrofga, to‘g‘ri kelgan joyga chiqindilarning tashlab ketilishi aksar hollarda chiqindi qutilari yetishmasligi yoki aholining chiqindi tashlash madaniyati yuqori emasligini bilan izohlanadi.

Bu muammoni hal qilish uchun Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilg‘or texnologiyalar markazining Tijoratlashtirish va texnologiyalar transferi bo‘limi yetakchi mutaxassisi Rustam Ibragimov Ecocity chiqindi qutilarini ishlab chiqdi.

Loyihaning ilk namunasi hozir Innovatsion rivojlanish vazirligiga o‘rnatilgan va sinovdan o‘tkazilmoqda.

«Innovatsion chiqindi qutilari o‘z-o‘zini moliyalashtiruvchi va quvvatlovchi tarzda ishlab chiqilgan. Bu chiqindilar uchun davlat tomonidan ajratiladigan mablag‘ni tejashga yordam beradi», – deydi loyiha muallifi.

Rustam Ibragimovning tushuntirishicha, bitta qutining alohida 3ta tortmachalari bo‘lib, ular kalit bilan ochiladi. Kalit esa universal qilib yasaladi va keyinchalik o‘rnatiladigan har bir qutini u bilan ochsa bo‘ladi.

Chiqindi qutidagi qulayliklar

Chiqindi qutilarining har biriga LED ekranlar o‘rnatilgan, lekin ular ortiqcha sarf-xarajat talab qilmaydi. Sababi qutilarning yuqori qismiga quyosh batareyalari o‘rnatiladi.

Ekranlarda chiqindini to‘g‘ri kelgan yerga tashlash to‘g‘ri emasligi haqida ijtimoiy roliklar va turli reklamalar joylashtiriladi.

Reklamalar uchun tadbirkorlar to‘lagan pulni esa chiqindilarni olib ketadigan hududiy obodonlashtirish boshqarmalari xodimlariga ish haqi sifatida berish, keyingi qutilarni o‘rnatishga sarflash mumkin.

Hozirga qadar qor va yomg‘irda ekranning chidamliligi sinovdan o‘tkazilib ko‘rilgan, endi quyosh haroratiga bardosh bera olishi kuzatilmoqda.

Bundan tashqari, hozirgi yagona innovatsion chiqindi qutiga kuzatuv kamerasi o‘rnatilgan, keyinchalik o‘rnatiladiganlarini ham kuzatuv kameralari bilan jihozlash rejalashtirilgan. Bu kameralar IIV bilan integratsiya qilinadi va o‘sha hudud xavfsizligini ta'minlashga yordam beradi.

Qutilarga bepul Wi-Fi qurilmalari o‘rnatilishi ham rejalashtirilgan.

10ta quti yana o‘ntani moliyalashtirishi kerak

«Loyihani ommalashtira olsak, davlat budjetidan chiqindilar uchun sarflanadigan pullar tejaladi va atrof-muhit tozaligi yaxshilanadi.

Hozir innovatsion chiqindi loyihasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga startap loyihasi sifatida taqdim etilgan. Agar vazirlik mablag‘ ajratsa, keyingi oyda xuddi shunday qutilardan 100tasini Toshkent shahri bo‘ylab o‘rnatishni rejalashtirganmiz. Loyiha o‘zini oqlasa, zanjir tarzida har 10ta qutining mablag‘iga bir viloyatda yana shunday qutilarni o‘rnatib boramiz», – deydi Rustam Ibragimov.

Zilola G‘aybullayeva
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov

Mavzuga oid
Top