15:35 / 25.07.2020
39224

Surxondaryo hokimining vafoti haqida yolg‘on ma'lumot tarqatgan shaxs jarimaga tortilib, telefoni musodara qilindi

Kecha, 24 iyul kuni Toshkentda koronavirusdan davolanayotgan Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov vafot etgani haqida xabarlar tarqalgan, buning ortidan hokimlik axborot xizmati raddiya berib, Bobolovning o‘zi ahvoli yaxshi ekanini aytib videomurojaat bilan chiqqan edi.

Surxondaryo viloyat hokimligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, holat viloyat prokuraturasi tomonidan tezkorlik bilan nazoratga olinib, tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan va bu mish-mish «Haqiqatchi blogerlar» Telegram kanalida tarqatilgani aniqlangan.

Ma'lum bo‘lishicha, kanalni Sariosiyo tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli tez tibbiy yordam bo‘limining shifokor-kardiologi D.O. yuritib keladi. 49 yoshli ayol Sariosiyoning Sharg‘un shahrida joylashgan poliklinikada davolovchi shifokor sifatida ham faoliyat yuritadi.

«Tekshirishda fuqaro D.O. ushbu xabarni viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xodimidan olganini ma'lum qilib, ushbu ayolning ismini aytmagan. Begona ayol o‘z telefon raqamidan 24 iyul kuni soat 08:00larda qo‘ng‘iroq qilib, avvaliga muammolari haqida aytgan. Keyin esa go‘yo Surxondaryo viloyati hokimi vafot etgani haqida bildirgan.

Shu paytning o‘zida D.O. o‘zining «Redmi NOTE 9» rusumli telefon apparatida ushbu yolg‘on (rasmiy tasdiqlanmagan) xabar to‘g‘risida post tayyorlab, Facebook va Telegram`dagi sahifalariga joylashtirgan.

Tekshiruvda to‘plangan hujjatlar 24.07.2020 yilda MJtKning 40-(tuhmat) va 46-moddasi (fuqaroga ma'naviy yoki moddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma'lumotlarni oshkor etish) bilan Uzun tumani ma'muriy sudiga yuborilgan va sudning shu kundagi qarori bilan huquqbuzar D.O.ga nisbatan BHMning 10 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Ish bo‘yicha dalil tariqasida olingan «Redmi NOTE 9» rusumli uyali qo‘l telefoni ma'muriy huquqbuzarlik sodir etish quroli sifatida davlat foydasiga musodara qilindi.

Tekshiruvlar davom ettirilib, D.O.ga qo‘ng‘iroq qilib yolg‘on ma'lumot taqdim etgan noma'lum ayol – Termiz shahar SEOM xodimi G.R. ekani aniqlandi. G.R. o‘z tushuntirishida D.O.ga mazkur yolg‘on xabarni aytganini bildirdi.

Mazkur holat yuzasidan G.R. ga nisbatan MJtKning 40-moddasi (tuhmat) bilan ma'muriy ish qo‘zg‘atilib tegishli sud organiga yuborilgan.

So‘z erkinligi konstitutsiyaviy kafolatlangan, ammo u boshqalarning qonun bilan himoyalangan huquq va manfaatlariga zarar yetkazmasligi zarur», – deyiladi Surxondaryo viloyati hokimligi axborotida.

Kecha, 24 iyul kuni rasmiy raddiya berilib, hokimning murojaati ham e'lon qilingach, kanaldagi noto‘g‘ri xabar o‘chirilgan va yolg‘on ma'lumot tarqatilgani uchun uzr so‘ralgan.

 

Mavzuga oid
Top