17:50 / 25.07.2020
18221
Toshkent tumani hokimligi hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tuman ahliga murojaat bilan chiqdi
Foto: Hududiy elektr tarmoqlari

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 oktyabrdagi “Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta'minlash yuzasidan, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ni joriy etish ishlari mamlakatimiz bo‘ylab bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Zamonaviy hisoblagichlarni mazkur qarorda belgilangan vaqtlarda almashtirishni yakunlash maqsadida joriy yilning 27 iyulidan 15 avgustigacha Toshkent tumani hokimligi hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ o‘rtasida tasdiqlangan rejaga muvofiq aholi xonadonlarida hisoblagichlarni o‘rnatish ishlari olib boriladi. Tuman elektr ta'minoti korxonalari tomonidan bu boradagi ishlar, albatta, karantin qoidalariga to‘liq rioya qilingan holda amalga oshiriladi.

Hurmatli iste'molchilar, mamlakatimizda pandemiya bilan kurash ketayotgan davrda soha xodimlari aholiga yanada sifatli elektr energiyasi yetkazib berish yo‘lida tunu-kun mehnat qilayotgani, buning zamirida, avvalo, xalqimizning turmush farovonligini oshirish kabi ezgu niyat yotganligini inobatga olib, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan bepul o‘rnatilayotgan hisoblagichlarni almashtirishda ko‘mak berishingizni iltimos qilib qoladi!

Shu o‘rinda, ushbu avtomatlashtirilgan hisoblagichlar iste'molchilarga “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ mablag‘lari hisobidan bepul o‘rnatib berilishi belgilangan bo‘lib, ana shu jarayonda biron-bir anglashilmovchilik yoki ta'magirlik holatlari kuzatilayotgan, shuningdek, pul talab qilinayotgan yoki manfaatlaringiz kamsitilayotgan bo‘lsa, “Hududiy elektr tarmoqlari”ning 1154 qisqa raqamli koll-markaziga yoki Telegram’dagi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bilan muloqot kanali orqali o‘z murojaatlaringizni yo‘llashingiz mumkinligini eslatib o‘tmoqchimiz.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Matbuot xizmati

Top