19:11 / 25.07.2020
56626
Turmush o‘rtog‘idan ajralgan uysiz ayol 100 mln so‘m xayriya qildi

Kun.uz saytida Toshkent shahrining Bektemir tumanida ijarada yashovchi, jigar sirroziga chalingan va zudlik bilan operatsiya qilinishi zarur bo‘lgan bemor Murot Tleumuratov uchun xayriya aksiyasi tashkil etilgan edi. Aksiya doirasida ko‘zlangan mablag‘ yig‘ilgani bois ayni paytda bu maqola qoida tariqasida saytdan olingan. O‘sha xayriya davomida va boshqa yo‘nalishlar orqali bog‘langan saxovatli insonlar ko‘magida 100 mln so‘mdan ortiqroq mablag‘ yig‘ilgan edi.

Ammo bemorning umri qisqa ekan. Hindistonda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan operatsiyaga 40 yoshli Murot Tleumuratov yetib bora olmadi va yaqinda kasallik zo‘rayishidan vafot etdi.

– Besh yoshli qizim hamon dadasi vafot etganini bilmaydi, nega shifoxonaga bormayapmiz, deb so‘rayveradi, – deydi Murotning ayoli Nursulu. – Erim so‘nggi daqiqalargacha umid bilan yashadi. Kun.uz saytida xayriya e'lon qilganlaringizda va yurtdoshlarimiz mablag‘larini ayamay yordam berganlarida juda xursand bo‘lgan, ahvoli ham ancha yaxshi bo‘lib qolgandi. Lekin baribir umri qisqa ekan...

– Pandemiya sababli operatsiyaga bora olmadingizlarmi?

– Asosiy sabab shu. O‘zbekistonda zudlik bilan operatsiyaga borishi kerak bo‘lgan bemorlar hozir ham juda ko‘p. Bitta samolyot uyushtiramiz deb, ko‘pchilik harakat qildi. Ammo iloji bo‘lmadi. Qator tashkilotlarga murojaat qildik, xatlar yozdik. Hindistonning o‘zida ham vaziyat yaxshi emasligi yana bir sabab bo‘ldi.

Turmush o‘rtog‘im operatsiyasi uchun pul izlab yurgan paytlarimiz har hafta ikki-uch marta parvozlar bo‘lar, ularda Hindistonga asosan bemorlar uchishardi. Men ularga havas qilib qolardim. Erimga jigarimning bir qismini berishim kerak edi. Keyinchalik pul yig‘ildi, ammo yetib borish bizga nasib qilmadi.

– Yolg‘iz qolib qiynalmayapsizmi?

– Albatta, qizimga otasining o‘rni bilinadi. U dadasini tobora ko‘proq so‘rayapti, men nima deyishni bilmay ham qolayapman... Qaynim bor, akasining o‘rnini bildirmaslik uchun qizimni har kuni aylantirib keladi. Yaqinda boquvchisini yo‘qotganlar uchun pensiya tayinlandi va ilk marta 686 ming so‘m oldim.

Xayriyaga tushgan 100 mln so‘mni esa bemorlarga bo‘lib berdim. Hech kimning boshiga bizdagi kabi ayriliq tushmasin.

– Ijarada turaman degandingiz, chog‘roq bo‘lsa ham uy olishga harakat qilmadingizmi?

– Bu pullarni o‘zim uchun ishlatishga haddim sig‘madi. Hozir ham 1,3 mln so‘m to‘lab ijarada turamiz, erimning joni ham uysizlikda uzildi. Lekin Allohning bizga, qizimga atagani ham borligiga ishonaman. O‘zi istasa uylik ham bo‘lamiz.

– Sizga sabr bersin, farzandingizning kamolini ko‘rish nasib etsin.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Top