12:37 / 25.07.2020
66186
Umrbod qamoqqa mahkum qilingan qirg‘izistonlik huquq himoyachisi Azimjon Asqarov vafot etdi

Qirg‘izistonlik huquq himoyachisi, umrbod qamoq jazosiga mahkum qilingan Azimjon Asqarov 25 iyul kuni vafot etdi.

Foto: Tabyldy Kadyrbekov

Qirg‘iziston rasmiylari izoh bermagan bo‘lsa-da, uning o‘limini hamkasbi Tolekan Ismailova va advokati Valeryan Vaxitov tasdiqladi.

So‘nggi paytlarda 69 yoshli Asqarovning sog‘lig‘i yomonlashgani tufayli, advokati uni shifoxonaga yotqizishni talab qilgan edi. Biroq, hukumat mahkumni Jazoni ijro etish davlat xizmatining markaziy shifoxonasi joylashgan 47-sonli koloniyaga o‘tkazishga qaror qildi.

Azimjon Asqarov Qirg‘izistonning mashhur huquq himoyachilaridan biri bo‘lib, umrining so‘nggi 10 yilini qamoqda o‘tkazdi.

U 2010 yil 15 iyun kuni Qirg‘iziston janubidagi millatlararo nizo vaqtida qo‘lga olindi. Huquq himoyachisiga «ommaviy tartibsizliklarni tashkil qilish», «millatlararo nizoni qo‘zg‘ash», «militsionerning o‘ldirilishiga aralashish» ayblari qo‘yildi. Asqarov o‘z aybini tan olmadi. 2010 yil 15 sentabr kuni u umrbod qamoq jazosiga mahkum qilindi.

BMT inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi Asqarovning qiynoqqa solinganini, unga nisbatan sud mahkamasi adolatli bo‘lmaganini tan oldi. Huquq himoyachilari Asqarovning jazolanishini uning faoliyati bilan bog‘lashdi – huquqshunos militsiya tomonidan qiynoqlarga solinish holatlari bo‘yicha surishtiruv o‘tkazar edi.

2016 yili BMT inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi Qirg‘iziston hukumatidan Asqarovga chiqarilgan hukmni bekor qilishni va zudlik bilan qamoqdan ozod etishni talab qildi, ammo bu holat yuz bermadi. 

Top