18:40 / 26.07.2020
34195

«Rasulimiz davolanishga buyurganlar» - Islomda xastalik muolajasi va faqat Yaratgandan shifo so‘rash haqida

Kun.uz muxbiri Toshkent shahar Novza jome masjidi imom xatibi Jaloliddin domla Hamroqulov bilan Zulhijja oyi, uning dastlabki 10 kunligi fazilati, Qurbon hayiti, qurbonlik hukmiga doir masalalarda suhbat uyushtirdi. Muloqot chog‘ida bugungi kundagi asosiy mavzu – xastaliklardan davolanish va faqat Yaratgandan so‘rash borasidagi Islom ta'limoti haqida ham so‘z bordi.

Quyida Islom dinida davolanish va duo qilib so‘rash borasida qanday yo‘l tutilishi haqida bilimlarga ega bo‘lishingiz mumkin.

– Ijtimoiy tarmoqlarda vatandoshlarimiz ikkiga bo‘linib qolgandek. Kimdir shu kasallik yuzasidan davolanish kerak deydi, yana boshqa toifa «yo‘q, faqat Allohdan so‘rash kerak, taqdirda bori bo‘ladi», deb qo‘yishadi. Albatta, musulmon sifatida Allohdan so‘rash kerakligini e'tirof etamiz, lekin dinimizda kasallikni yengish uchun davolanishning o‘rni, hukmi qanday?

– Juda ham o‘rinli savol bo‘ldi. Mana mashhur hadis – Sa'd ibn Abu Vaqqos roziallohu anhu aytadilar: «Betob bo‘lib qoldim, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ko‘rgani keldilar. Shunda ko‘ksimga qo‘llarini qo‘ydilar, men uning muzdayligini his qildim va menga «davolangin, Bani Saqif qabilasidan bo‘lgan tabibga bor. U xurmoni olsin-da, danagi bilan yanchib bersin», dedilar. Shunday qilgan edim, shifo topdim».

Bundan boshqa sahih hadislarda ham payg‘ambarimiz: «Davolaninglar, Alloh osmondan qanday dard tushirgan bo‘lsa, davosini ham tushirgan», deganlar. Davo qidirishlik qanchalik muhim bo‘lsa, davolanishlik ham shunchalik muhimligi eslatib o‘tilgan.

Bu yerda tabobat ilmi egalarini o‘sha kasallikni tuzatishlikka harakat qilishligi, ustida ishlashligi va dori-darmon topishligining qanchalik shartligi shu hadislarda ko‘rinadi. Chunki Rasulimiz davolaninglar deb buyuryaptilar. Qanday dard tushgan bo‘lsa, unga qo‘shib davosiyam tushirilgan.

Bemor bo‘lgan inson ham Alloh dard beribdi, bo‘ldi endi deb emas, harakat qilib berilgan davosini topishga urinishi kerak. Bundan ko‘rinadiki, yuqoridagi ikki tarafdagi tushuncha ham muolaja qilishlikka muhtoj.

Albatta, bugungi kundagi pandemiya bo‘lsin yoki boshqa kasalliklar bo‘lsin, hech bir narsa Allohning irodasisiz bo‘lmaydi va o‘z o‘rnida aytish kerakki, shu kasallikdan omonda bo‘lsa, o‘zini qahramon his qilmasin. Men zo‘rman, immunitetim baquvvat yoki qoidalarga rioya qilganim bilan kasal bo‘lmayapman, demasin. Chunki Allohning fazli bilan shu kasallikdan omonda yuribdi.

Jaloliddin domla Hamroqulov

Aksincha, mana shu kasallikka chalinib qolgan inson xafa bo‘lmasin. Men bunday bo‘lib qoldim, kasallikka chalindim yoki Alloh meni yomon ko‘rib qoldi demasin. Undan ko‘ra, Allohning fazli bilan shunday bo‘ldi, menga gunohlardan forig‘ bo‘lish, poklanish imkoniyati berildi, deb tushunsin-da, tez muolajasining harakatini qilsin. Dinimiz mana shunga targ‘ib qilgan, Rasulimiz shuni buyurgan.

Hozirda mutaxassislarimiz berayotgan kasallikning oldini oluvchi maslahatlarga salbiy qarash bilan emas, dinimizning ko‘rsatmasi deb qarasak, ibodat darajasiga ko‘tariladi. Masalan, Rasulimiz alayhissalom yuqumli kasallik bor joyga kirmanglar, kirib qo‘ygan bo‘lsa chiqmanglar deb, bugungi kundagi karantin qonun-qoidasini joriy qilganlar. Mana, boshida biz ham kasallikka hazilakam qaradik, chet elga borma desa, bordik, ko‘chaga chiqma, e'tiborli bo‘l, deganda e'tibor qilmadik, mana bugungi kunda shu holatga keldik.

Rasulimiz alayhissolatu vassalam bir qabiladan kelgan elchilar orasida bir odamning qo‘lida kasalligi borligini ko‘rdilar. Shunda Rasululloh bir vakilga: «Anavi kishiga ayting, qaytib ketaversinlar, bay'atini qabul qildim», deganlar. Ma'lumki, bay'at degani qo‘lni-qo‘lga berib, Alloh va Rasuliga iymon keltirish va mana shu yo‘lda jon fido qilishlikdir. Bugungi kundagi karantin qoidalari ham mana shunday. Agar bunga amal qilsak, dinimizning bir ko‘rsatmasiga amal qilsak, madaniyatli musulmonga aylanamiz.

Agar Alloh lutfiga olib mana shu kasallik bilan mabodo vafot topib qolsa, unda shahidlik maqomidagi daraja ham yo‘q emas. Shuning uchun biz aziz xalqimizdan, mo‘min musulmonlarimizdan karantin qoidalariga bepisandlik bilan yo‘l-yo‘lakay emas, balki ixlos bilan, muhabbat bilan dinimiz ko‘rsatmasi, Rasulimiz sunnati va mana shu ishlar Allohning izmi bilan bo‘lyapti, degan muhabbat bilan bu kunlarga e'tiqod qilsak, kunlarimizni o‘tkazsak, inshaalloh noma-yu amallarimiz savobga burkanadi va bu sinovli kunlardan ham imtiyoz bilan o‘tgan bandaga aylanamiz.

– Demak, muolaja qilinadi, dori-darmon qilinadi. Shu bilan birga ishonch, ixlosli duo ham bo‘lishi kerak, to‘g‘rimi?

– Alloh taolo mana shu kasallikni tushirdimi, demak sababini ham tushiradi. Mana shu sababi bizning qilgan muolajamiz bilan, dori-darmon ichishligimiz bilan va eng asosiysi, unga ixlos qilishligimiz bilan bo‘ladi. Inson bu dorilar bir a'zoimga foyda bersa, boshqasiga ziyon yetkazadi, deydigan bo‘lsa, albatta bu fojia bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birgalikda Rasulimizning bizga qoldirgan boy o‘gitlaridan bittasi – kasalning ko‘nglini ko‘tarish. Payg‘ambarimiz menga eng ma'qul narsa tafovul, ya'ni fol deganlar. Bu fol o‘zbek tilidagi fol ochish emas. Bu fol arab tilida yaxshi niyat qilish, yaxshi so‘z gapirish deganidir.

Hattoki, Imom Buxoriyda keltiriladi: Rasulimiz sollallohu alayhi vasallam vafot etadigan paytlarida bosh og‘riqqa uchraganlar. Shunda Sofiya onamiz roziallohu anho u kishining ziyoratlariga kirib, ko‘z-yosh qilib yig‘laganlarida, «Yo Rasululloh, shu dard menga yetsa bo‘lmasmidi», – degan so‘zni aytganlar. Shunda Rasulimiz alayhisalom xursand bo‘lganlar. Bu degani, sening darding menga o‘tib qolsin, sening o‘rningga men kasal bo‘lay, degani emas, balkim, shu dardni yengillashtirish ma'nosida, keling shu yukingizni menga ham bering, men ham ko‘tarishib yuboray, degan ma'noda aytiladi.

Shu o‘rinda aytish kerakki, mana shu yo‘lda xizmat qilayotgan shifokorlarimizga ham Alloh ajr bersin. Ular juda ham katta ajr mukofotlar borligidan umidlarini uzmasinlar. Yuqoridagilardan kelib chiqadiki, butun xalqimiz bir yoqadan bosh chiqarib, karantin qoidalariga rioya qilsak, tez fursatlarda kasallik zanjiri uzilsa, inshaalloh kasalliklar barham topadi va tez kunlarda yaratgan Egamiz bu balolardan forig‘ qiladi.

Tolib Rahmatov suhbatlashdi.

Mavzu
COVID-19: Foydali ma’lumotlar
COVID-19 profilaktikasi, simptomlari, davo choralari va mutaxassislar tavsiyalari
Barchasi
Mavzuga oid
Top