22:34 / 26.07.2020
22124
Zelenskiy Putinga qo‘ng‘iroq qildi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy hamda Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kreml saytida xabar berilgan.

Foto: EPA/Vostock-photo

Rossiya prezidenti axborot xizmatining ma'lum qilishicha, muloqot Ukraina tomoni tashabbusi bilan amalga oshirilgan. Tomonlar 27 iyul kuni 00:01dan boshlanadigan Donbassda o‘t ochish rejimining to‘xtatilgani borasidagi kelishuvni olqishlashgan.

Suhbat davomida Zelenskiy Donbass, Qrim va Rossiya hududida ushlab turilgan Ukraina fuqarolarini qo‘yib yuborish borasida so‘z ochgan. Bu haqda Ukraina prezidenti axborot xizmati yozgan. Putin suhbat davomida tomonlarning «normand formati»dagi kelishuvlar va 2019 yil dekabrdagi Parij sammitidagi belgilangan vazifalarni bajarishi muhimligini aytgan.

Putin Radaning 15 iyulda 2020 yil mahalliy saylovlarni o‘tkazish bo‘yicha qabul qilgan qarori Minsk kelishuviga zid bo‘lganini, bu esa kelishuv buzilishiga olib kelishi mumkinligini eslatdi. Shuningdek, Rossiya prezidenti suhbat davomida Zelenskiyning Minsk kelishuvi bo‘yicha aytgan gaplari amalda ham bo‘lishi muhimligini ta'kidladi. Kreml saytida yozilishicha, tomonlar suhbat yakunida koronavirus pandemiyasi bilan kurash mavzusida gaplashgan.

Top