03:35 / 27.07.2020
12598

APL yakunlandi. Yevrokuboklarga chiqqan va ligani tark etganlar ma'lum bo‘ldi

Foto: Twitter/LFC

Angliya chempionatida mavsum yakunlandi. Chempion nomi oldinroq aniq bo‘lgandi, ammo oxirgi turgacha ko‘plab intrigalar saqlanib qolgandi.

Xususan, YeChLga chiqadigan jamoalar nomi 38-turgacha ma'lum emasdi. Oxirgi turda «Lester»ni yenggan «MYu» nihoyat Chempionlar Ligasiga chiqdi. Shuningdek, mavsumni «Vulverhempton»ni yengib yakunlagan «Chelsi» ham YeChLda o‘ynaydigan bo‘ldi. «Lester» va «Tottenhem» Yevropa Ligasida qatnashadi. Mourino boshchiligidagi «Tottenhem» yo‘llanmani oxirgi turda qo‘lga kiritdi.

Foto: Twitter/PremierLeague

Angliya Kubogi finalida ham Yevropa Ligasida qatnashadigan yana bir jamoa nomi aniq bo‘ladi. Mavsumni 8-o‘rinda yakunlagan «Arsenal» finalda «Chelsi»ni yengsa, yevrokuboklarda o‘ynaydi, aks holda «Vulverhempton» Yevropa Ligasiga chiqadi.

Foto: Twitter/PremierLeague

APLni tark etadigan jamoalar nomi ham oxirgi turgacha mavhumligicha qolayotgandi. Bu turda «Vest Hem»ga yutqazmagan «Aston Villa» APLda qoldi. «Bornmut» va «Uotford» esa  «Norvich»ga qo‘shilib musobaqani tark etdi. Chempionshipdan APLga «Lids» va «Vest Bromvich» chiqqan. Uchinchi jamoa nomi saralash o‘yinlaridan keyin aniq bo‘ladi.

APL joriy mavsumida «Lester» hujumchisi Jyeymi Vardi to‘purar bo‘ldi. U 23ta gol bilan 33 yoshida faoliyatida ilk marta APL «Oltin butsa»sini qo‘lga kiritdi. Oxirgi turda ikkita gol urgan Per-Emerik Obameyang va «Sauthempton» hujumchisi Denni Ingslar 22ta gol bilan ikkinchi bo‘lishdi.

Bu mavsumda nihoyat Teri Anrining 2002/03 yilgi mavsumda o‘rnatgan assistlar bo‘yicha rekordi takrorlandi. O‘shanda fransuz mavsum davomida 20ta golga assistentlik qilgandi. «Manchester Siti» yarimhimoyachisi Kevin De Bryuyne 38-turga kelibgina Anrining 17 yil oldingi rekordini takrorladi.

38-turda «Nyukasl»ni yenggan «Liverpul» mavsumdagi 32-g‘alabasini qo‘lga kiritdi va bu borada «Manchester Siti» 2018 yil o‘rnatgan APL rekordini takrorladi. O‘z navbatida bu «Liverpul» uchun klub rekordi hisoblanadi. Klub hatto chempionat o‘yinlari 42ta bahsdan iborat bo‘lganda ham bu qadar ko‘p g‘alaba qozonmagandi. Darvoqe, bu bahsda «Liverpul» APL o‘yinlaridagi o‘z darvozasiga kiritilgan eng tezkor golni o‘tkazib yubordi. O‘z vaqtida «Kristal Pelas» libosida «Liverpul»ni chempionlikdan mahrum qilgan Duayt Geyl 25-soniyadayoq Alisson darvozasiga gol urdi.

APL. 38-tur (oxirgi)

Vest Hem – Aston Villa 1:1
Gollar: Yarmolenko (85) – Grilish (84).

Sauthempton – Sheffild 3:1
Gollar: Adams (50, 71), Ingz (84, penalti) – 26 Landstrem (26).

Nyukasl – Liverpul 1:3
Gollar: Geyl (1) – van Deyk (38), Origi (59), Mane (89).

Manchester Siti – Norvich 5:0
Gollar: Gabriel Jyezus (11), de Bryuyne (45, 90), Sterling (79), Mahrez (83).

Lester – Manchester Yunayted 0:2
Gollar: Brunu Fernandesh (71, penalti), Lingard (90+8).

Everton – Bornmut 1:3
Gollar: Kin (41) – King (13, penalti), Solanke (45), Stanislas (80).

Kristal Pelas – Tottenhem 1:1
Gollar: Shlupp (53) – Keyn (13).

Chelsi – Vulverhempton 2:0
Gollar: Maunt (45+1), Jiru (45+4).

Byornli – Brayton 1:2
Gollar: Vud (44) – Bissuma (20), Konnolli (50).

Arsenal – Uotford 3:2
Gollar: Obameyang (5, penalti, 33), Tirni (24) – Dini (43, penalti), Uelbek (66).

Top