11:43 / 27.07.2020
13636
Hindistonda qolib ketgan 6 yoshli Mushtariy hayot uchun kurashmoqda

Musofirlik bir sinov, og‘ir dard esa o‘n karra og‘ir sinov. Ayni o‘ynab kuladigan paytida, olti yoshida Mushtariy Murodullayeva olis Hindiston klinikalaridan birida shiftga tikilganicha iltijo qilib yotibdi.

Ayni paytda Mushtariy va onasi Sharofat Parpiyeva Hindistonning Gurgaon shahrida bo‘lganlari bois biz bilan qizaloqning otasi Ahmadullo Tojiboyev suhbatlashdi:

– 6 yoshli qizimiz 8 oyligidan beri “Irsiy gemolitik anemiya, talassemiya og‘ir kechishi” tashxisli kasallik bilan kurashib kelmoqda. So‘nggi chora sifatida Hindistonda o‘tkaziladigan ilik ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti zarurligi ma'lum bo‘lgandi, – deydi namanganlik Ahmadullo.

Dastlab ilojsizlikdan Mushtariy qizimga 2 yoshli kichik qizim donor bo‘ladigan edi. Ammo keyinchalik onasidan ilik ko‘chiriladigan bo‘ldi.

Hindistondagi bu operatsiya uchun 60 ming AQSh dollari zarur ekan. Uyimizni, mashinamni sotdim, qarindosh, tanish bilishlardan qarz ko‘tardim va 40 ming dollar yig‘ib, shu yilning fevral oyida Gurgaon shahridagi klinikaga tavakkal qilib jo‘nadik.

E'tibor bersangiz, bemor tanasi qorayib ketgan.
Kasallik va kimyoterapiyalar ta'sirida shunday o‘zgarishlar yuzaga kelgan.

Operatsiyadan keyin qizimning ahvoli og‘irlashib, reanimatsiyaga tushib qoldi. Kuniga 1200-2000 dollargacha to‘lagan paytlarimiz bo‘ldi. Natijada o‘tgan olti oy ichida klinikadan qarzimiz shu qadar ko‘payib ketdiki, shu kunda qizim bilan onasini yo‘lakka chiqarib qo‘yishibdi. Qarzimizni uzmasak, klinikadan chiqarishmaydi ham. Buyog‘i karantin, na ular kela oladi, na men bora olaman. Qizimning ham ahvoli yo‘lda yurgudek emas.

Ketishda olgan qarzlarimizni so‘rab kelishyapti. O‘sha payt qo‘llab-quvvatlab berganlarni to‘g‘ri tushunaman, zarurligida berishdi. Lekin qo‘lim qisqaligidan ko‘zlariga ko‘rinolmay yuribman. Qo‘limga pul tushsa, darhol bolamga jo‘nataman.

Yaxshi insonlar bizga ko‘p yordam berishdi, ammo hozirgi vaziyatimda yana ko‘mak so‘rashga majburman.

O‘zim shifokorman, 2,3 mln so‘m maosh olaman. Hozir kasbim taqozosi bilan maxsus kiyimda yuraman va har kuni bemorlarga duch kelaman. Xudoga iltijo qilaman, “Ishqilib kasallikka chalinib qolmay, menga bir narsa bo‘lsa qizim nima qiladi?”, deb ich-ichimdan yig‘layman, – deya so‘zlarini yakunladi Mushtariyning dadasi Ahmadullo Tojiboyev.

 Mushtariy Murodullayevaga oid ma'lumotlar:

Karta raqami: 8600 0423 2319 2426 (Agrobank, onasi Sharofat Parpiyeva nomida)

Humo: 9860 0401 1434 7426 (dadasi Ahmadullo Tojiboyev nomida)

Viza: 4023 0601 1159 5103 (onasi Sharofat Parpiyeva nomida)

Sberbank karta raqami: 5336 6901 8389 3983 (tanishi Dilshodbek Tursunov nomida)

Paynet uchun telefon raqami: +998996913494

Tog‘asining raqami: +998996913494

Azizlar! Xayriyalarimiz yakunida sizni saxovatga chorlovchi so‘zlar yozishga harakat qilardik. Ammo aminmizki bugungi qahramonimiz taqdirini o‘qib, xulosa chiqarishga ulgurdingiz. O‘zbekning bir bolasi ham og‘ir dard, ham musofirchilikda muhtoj.

Abror Zohidov tayyorladi.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Top