22:02 / 27.07.2020
3790
«Ilgari oqlov degan tushuncha yo‘q edi» - Xolmo‘min Yodgorov so‘nggi 3 yilda 2273 kishi oqlangani haqida

27 iyul kuni AOKA binosida Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov ishtirokida brifing o‘tkazildi.

Unda Xolmo‘min Yodgorov oxirgi 3 yilda sud hokimiyati mustaqilligini ta'minlash borasida o‘tkazilgan islohotlar haqida gapirib, bu borada ayrim raqamlarni keltirib o‘tdi.

«Oxirgi uch yilda 2273 shaxs oqlandi. Bu adolat qaror topayotgani va jamiyatimizda qonun ustuvorligidan dalolat beradi.

Ilgari oqlov degan tushuncha yo‘q edi. Qaror bo‘ldimi, ish yopilardi.

Shuningdek, o‘tgan shuncha vaqt davomida 3500dan ziyod jinoyat sodir etgan yoshlar va xotin-qizlarga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi va ular mahallalar hamda Yoshlar ittifoqi kafilligiga berildi.

Bu – jazolashdan maqsad o‘ch olish emas, tarbiyalash ekanini ko‘rsatadi», – deya Yodgorovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Oliy sud raisi o‘rinbosari brifing davomida o‘tgan hafta imzolangan «Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmonidan ko‘zlangan rejalar borasida ham ma'lumot berdi.

Unga ko‘ra, farmon talabi bilan 2021 yil 1 yanvardan viloyatlar miqyosidagi fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning ixtisoslashuvini saqlab qolgan holda yagona umumyurisdiksiya sudlari tashkil etiladi.

«Fuqarolarni odil sudlovga bo‘lgan ehtiyojini qanoatlantirish uchun ayni paytda Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning har birida alohida-alohida faoliyat yuritayotgan 3ta, ya'ni Jinoyat ishlari bo‘yicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha va Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlarni birlashtirish va ular ishini huddi Oliy sudda yo‘lga qo‘yilgan tartibda, alohida sudlov hay'atlari sifatida tashkil qilinadi», – dedi Xolmo‘min Yodgorov.

Top