12:22 / 27.07.2020
5993
Karkidon suv ombori hududidan turizm loyihalari uchun mo‘ljallangan yer maydonlari savdoga chiqarildi

Savdo 29 iyul kuniga qadar davomi etadi. 

Foto: wikimapia.org

Farg‘ona viloyati Quva tumani hududidagi Karkidon suv ombori hududida turizm maqsadlarida investitsiya kiritish sharti bilan 5 gektar yer maydoni 12 lotga bo‘linib savdoga chiqarildi. 

Turizm qo‘mitasi xabariga ko‘ra, mazkur hududda mehmonxona, motel, dam olish maskanlari, ko‘ngilochar obektlar, restoran, suv sport obektlari, plyaj zonasi va pirs qurilishi ko‘zda tutilgan. Majmuaning umumiy qiymati 27,8 mlrd so‘mni tashkil etib, unda 100 nafarga yaqin ish o‘rinlari yaratiladi. 

Ayni damda ushbu hududni turizmga oid ishlab chiqilgan loyihalar asosida lotlarga bo‘lib, E-IJRO AUKSION yagona elektron savdo maydonchasi orqali investorlarga realizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda. 

Qayd etilishicha, savdo 29 iyul kuniga qadar davomi etadi. 

Tashkil etilayotgan ekoturizm zonasiga olib boruvchi 6 km uzunlikdagi avtomobil yo‘li 1980 yildan buyon ta'mirlanmaganini hisobga olib, yo‘l-inshootini rekonstruksiya qilish va qirg‘oq infratuzilmasiga ichimlik suvi yetkazib berish uchun 2 ta tik quduq qazish va tarmoq yotqizish ishlari Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining 2020-2021 yillardagi davlat rivojlantirish dasturi”ga kiritilishi bo‘yicha taklif Investitsiya va tashqi savdo vazirligiga topshirildi. 

Obekt hududi “Toshkent-O‘sh A-373” Farg‘ona-Andijon avtomagistrali 4R-112 yo‘lining Quva tuman markaziga 12,7 km masofasida va Farg‘ona shahridan 34,1 km masofada joylashgan. Eng yaqin infratuzilma: elektr tarmog‘i – 3 km, yaqin 6 km hududdan markaziy tabiiy gaz tarmog‘i va aloqa tarmog‘i o‘tgan. Mazkur suv ombori inshooti qishloq xo‘jaligini rivojlantirish maqsadida 1967 yili qurib bitkazilgan bo‘lib, suv Isfayram daryosi va Janubiy Farg‘ona kanalidan kelib quyiladi. Uning to‘liq hajmi 216,0 mln. metr kubni tashkil etadi. Suv yuzasi oynasining maydoni 9,5 ming metr kvadratni tashkil etadi. Suv yuzasining uzunligi 5 kilometr, eni esa 5,5 kilometrdan iborat. Suv omborining maksimal chuqurligi 70 metrga teng. 

Top