20:14 / 27.07.2020
18387
«Organlar ustidan murojaat yuborildi». Dilshod Saidjonov qoraqalpog‘istonlik jurnalistlar holatiga munosabat bildirdi

Musa Yerniyazovning o‘limi haqidagi feyk xabar prokuratura va jurnalistlar o‘rtasida ziddiyatni keltirib chiqarmoqda. Soxta xabardan keyin Qoraqalpog‘istonda faoliyati yuritadigan ayrim jurnalistlar prokuraturaga olib ketilgandi. Qoraqalpog‘iston prokuraturasi ushbu holatga izoh bildirdi. AOKA direktori birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjonov esa prokuratura ustidan yuqori organlarga murojaat yuborgan.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

25 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga ko‘p yillardan buyon raislik qilib kelayotgan Musa Tajyetdinovich Yerniyazovning o‘limi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Tez orada bu xabarlarning dastlabki manbasi sifatida ko‘rsatilgan repost.uz sayti ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida sayt xakerlar hujumiga uchraganini ma'lum qildi va raisning 20 iyul kuni vafot etgani haqidagi bu xabar rad etildi.

Shundan keyin ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘istondagi mahalliy saytlar xodimlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan tungi soat 01:00lar atrofida olib ketilgani aytildi.

Ma'lum qilinishicha, Makan.uz (Lalagul Kallixanova), KRuz.uz (Iskander Yusupov) va Kar24.uz (Kumar Begniyazova) vakillarining telefon va noutbuklari olib qo‘yilgan, bu xodimlar tungi soat 3:00 atrofida uylariga qaytishgan.

Qoraqalpog‘iston prokuraturasi M.Yerniyazov shaxsiga taalluqli noto‘g‘ri ma'lumotlar tarqatilishi holati bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida surishtiruv ishlari olib borilayotganini ma'lum qilib, profilaktik suhbat o‘tkazilganini bildirgan. Suhbatlardan maqsad «bunday uydirma xabarlar kim tomonidan tarqatilganini aniqlash» bo‘lgan.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Dilshod Saidjonovning bildirishicha, agentlik o‘z vakolati doirasida ushbu vaziyatni o‘rganib chiqib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga yozma murojaat yubordi.

«Mazkur murojaatda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 10, 14-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 88-moddasi talablarini chetlab o‘tishgani alohida qayd etilib, jurnalistlarni so‘roq qilish zarurati paydo bo‘lganda JPKning 97-moddasiga asosan dastlab chaqiruv qog‘ozi yuborish tartibotiga amal qilish so‘raldi»,  deb yozadi Saidjonov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Ta'kidlanishicha, Repost.uz saytining ham xakerlar hujumiga uchraganligi alohida o‘rganilmoqda.

«Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 7-moddasida OAV o‘zi tarqatayotgan axborotning haqqoniyligi uchun axborot manbai va muallifi bilan birgalikda javobgar ekani belgilangan. Shuning uchun Agentlik feyk xabar tarqatgan OAVlarga tegishli taqdimnomalar jo‘natgani bildirildi.

«Jurnalistlarga nisbatan o‘tkaziladigan har qanday tazyiq yoki bosim O‘zbekiston Prezidenti tomonidan olib borilayotgan ochiqlik siyosati hamda so‘z erkinligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Yuqoridagi kabi holatlarning sodir bo‘lishi O‘zbekistonning xalqaro imijiga putur yetkazishi hamda davlat organlariga nisbatan ishonchsiz munosabatlar vujudga kelishiga ham sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun, davlat organlari ham, OAV va blogerlar ham axborot sohasidagi qonunchilikka bo‘ysunishi shart, tomonlar o‘rtasida paydo bo‘ladigan har qanday nizoli vaziyat mavjud qonunlar, shuningdek, sud tizimi doirasida hal qilinishi zarur», - deya qo‘shimcha qilgan Saidjonov.

Top