19:37 / 27.07.2020
6823

O‘zbekiston superligasida navbatdagi iste'fo yuz berdi. «Andijon» va «Surxon» ortidan «Buxoro» ham bosh murabbiyini almashtirdi.

«Buxoro» jamoasi murabbiylar shtabida o‘zgarish ro‘y berdi. Bu haqda klub axborot xizmati ma'lum qildi.

«Klub bosh murabbiyi Muhsin Muhammadiyev bilan muzokaralar olib borgan jamoa rahbariyati o‘zaro kelishgan holda o‘rtadagi shartnomani bekor qilib, murabbiy bilan do‘stona xayrlashdi. Jamoa rahbariyati Muhsin Muslimovichga minnatdorchilik bildirib, kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilab qoladi.

Jamoa bosh murabbiyi etib mahalliy mutaxassis Jamshid Saidov tayinlandi. Murabbiy bundan oldin ham «Buxoro» jamoasida faoliyat olib borgan. Saidov boshchiligida jamoa 2016 yil mavsum to‘rtinchi o‘rinni qayd etgan», deyiladi klub xabarida.

Tribuna.uz'ning yozishicha, aslida «Buxoro» ikki haftadan buyon Jamshid Saidov qo‘l ostida mashg‘ulotlar olib borayotgandi. Muhsin Muhammadiyev esa to‘liq hisob-kitob qilinmaguncha ketish haqida ariza yozmagan.

Ma'lumot uchun, «Buxoro» klubi Superliga joriy mavsumida hali g‘alaba nimaligini bilmay, 9-turdan keyin so‘nggi 14-o‘rinda bormoqda.

Superliganing 9-turiga kelib hozircha uchta iste'fo yuz berdi. Dastavval 3-turdan keyin «Andijon» Aleksandr Xomyakovni iste'foga chiqargandi. Keyinchalik «Surxon» 6-turdan keyin Bahrom Haydarovni iste'foga chiqarib, o‘rniga Aleksandr Xomyakovni tayinlagandi.

Top