22:51 / 27.07.2020
4209
Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi kamaydi

Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan kamaygan.

«Aziya-Plyus» nashri Tojikiston prezidenti huzuridagi statistika agentligi ma'lumotlariga tayanib xabar berishicha, 2020 yilning dastlabki 6 oyida Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo ko‘rsatkichlari 148 million dollardan oshiqroq bo‘lgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,3 foizga kam degani.

2020 yilning birinchi yarmida Tojikistonning jami tashqi savdo aylanmasi miqdori 2 milliard 158 million dollarni tashkil etgan. Bundan 654 million dollari eksport hissasiga, 1,5 milliard dollari import hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Tojikiston eksport ko‘rsatkichining asosiy qismini qimmatbaho metallar, toshlar, mineral mahsulotlar (sement, rudalar, ko‘mir) va elektr energiyasi tashkil etgan.

Importning asosiy qismini minerallar, to‘qimachilik mahsulotlari, kimyo mahsulotlari, tayyor oziq-ovqat, metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar, o‘simlik mahsulotlari tashkil etgan.

2020 yil Tojikistonning boshqa malakatlar bilan o‘zaro savdo aylanmasida Rossiya (492 million dollar), Qozog‘iston (461 million dollar), Shveytsariya (306 million dollar), Xitoy (232 million dollar), Turkiya (159 million dollar) va O‘zbekiston (148 million dollar) yetakchi bo‘lgan.

2020 yilning birinchi yarmida Tojikiston dunyoning 108ta mamlakati, shu jumladan 10ta MDH va 98ta xorijiy davlatlar bilan tashqi savdo aloqalarini amalga oshirgan.

Top