21:42 / 27.07.2020
27987
«Virus tashqi muhitda o‘lishiga qo‘yib bermayapmiz» - Otabekov virus asosan yopiq bino va inshootlarda yuqayotgani haqida gapirdi

Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov issiq va quruq havo virusni o‘ldirishi aytilgan bo‘lsa-da, nega uning tarqalishi hamon davom etayotganiga oid savolga javob berdi.

«Koronavirus haqida biz hali bilmagan va ilmiy asoslanmagan jihatlar juda ko‘p, shuning uchun uning yoz faslida yo‘qolib ketishi haqidagi taxminlar aytilgan edi. U o‘zining ko‘p qirralarini namoyon qilyapti.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hali-hamon bu borada bir to‘xtamga kelolmayapti. Lekin biz tibbiyot xodimlari aniq bilamiz, havo issiq va quruq bo‘lsa, virus o‘ladi. Aynan koronavirus qo‘zg‘atuvchisi ham bu issiq havoda o‘ladi», dedi Otabekov 27 iyul kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda.

U odamlar virusning tashqi muhitda o‘lishiga imkon bermayotganini hamon virus tarqalishi davom etayotganiga sabab sifatida keltirdi.

«O‘zimizning e'tiborsizligimiz sababli uni qo‘lma-qo‘l qilib bir-birimizga yuqtirib yuribmiz. Hozir viruslar asosan yopiq bino va inshootlarda yuqyapti.

Demak, biz aybni iqlimdan yoki virusdan emas, o‘zimizning mas'uliyatimizdan, xatti-harakatimizdan, karantin va cheklov tadbirlariga nechog‘lik rioya etayotganimizdan qidirishimiz kerak», – dedi u.

Ma'lumot uchun, Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi qarori bilan mamlakatda joriy etilgan karantin cheklovlari joriy yilning 15 avgustiga qadar uzaytirildi.

Unga ko‘ra, fuqarolarga:

  • to‘y, oilaviy marosimlar va boshqa tadbirlarni o‘tkazmaslik;
  • jamoat joylarida, ko‘cha, maydon va mahallalarda uch kishidan ortiq to‘planmaslik, qat'iy ijtimoiy masofani saqlash (2 metr), tibbiy niqoblar va shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish;
  • yoshi katta va muayyan turdagi kasalligi (qandli diabet, metobolik sindromlari, autoimun kasalliklari, qon, yurak, tomir kasalliklari, onkologik kasalliklar va boshqa kasalliklar mavjud fuqarolarga koronavirus kasalligi kuchli ta'sir ko‘rsatishini inobatga olib, 65 yoshdan oshgan fuqarolarni «o‘zini o‘zi yakkalash» hayot tarziga qat'iy rioya etish hamda sababsiz uydan tashqariga chiqmaslik tavsiya etilgan.
Mavzu
COVID-19: Foydali ma'lumotlar
COVID-19 profilaktikasi, simptomlari, davo choralari va mutaxassislar tavsiyalari
Barchasi
Top