15:11 / 27.07.2020
1810
Xorijdagi ish joyiga keta olmagan 500 mingga yaqin kishining 76,2 ming nafariga bandlikni ta'minlash xizmati ko‘rsatilgan - vazirlik

Yanvar–iyun oylari davomida 219 657 nafar fuqaro mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan. Ularning 122 805 nafari Rossiyadan, 63 636 nafari Qozog‘istondan, 7 144 nafar Turkiyadan va 3376 nafar Janubiy Koreyadan hamda 22 697 nafari boshqa chet davlatlardan qaytgan.

Bugun, 27 iyul kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot kotibi Rahimjon Mahkamov mehnat bozoridagi tahlillar bilan tanishtirdi.

Vazirlik rasmiysining ta'kidlashicha, karantin cheklovlari natijasida xorijiy davlatlardagi ish joylariga keta olmagan 500 mingga yaqin fuqaroning 76,2 ming nafariga bandlikni ta'minlash xizmatlari ko‘rsatilgan.

«Ularning 68,7 mingi jamoat ishlariga jalb etildi va ish haqi to‘lovi uchun 21,8 milliard so‘m Jamoat ishlari jag‘marmasi hisobidan moliyalashtirib berildi. Shuningdek, Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan subsidiyalar ajratish orqali 4 mingga yaqin fuqaro shaxsiy tomorqalarida va 2,5 mingdan ortiq fuqaro esa kooperativlarga a'zo sifatida biriktirilib, ularning bandligi ta'minlandi.

Ma'lumotga ko‘ra, poytaxt va Toshkent viloyati hududidagi qurilish tashkilotlariga respublikaning boshqa hududlaridan qurilish sohasida ishlash istagida bo‘lgan, asosan, xorijga ishlash uchun keta olmagan 4,5 ming o‘zbekistonlik vaxta usulida ishga joylashtirilgan.

Shuningdek, brifingda yanvar–iyun oylari davomida 219 657 nafar fuqaro mehnat migratsiyasidan qaytib kelgani, ularning 122 805 nafari Rossiyadan, 63 636 nafari Qozog‘istondan, 7 144 nafar Turkiyadan va 3376 nafar Janubiy Koreyadan hamda 22 697 nafari boshqa chet davlatlardan qaytgani ma'lum qilindi.

«Xorijdan qaytib kelgan fuqarolarning 201,4 ming nafari uyma-uy yurib o‘rganildi va ularning 100,6 ming nafarining (50 foiz) bandligi ta'minlandi», dedi vazirlik matbuot kotibi.

Top