08:39 / 28.07.2020
30781

AQShda koronavirusga qarshi vaksina sinovining uchinchi bosqichi boshlandi 

AQShda koronavirusga qarshi vaksina klinik sinovlarining yakuniy - 3-bosqichi boshlandi. Bu bosqichda butun mamlakat bo‘ylab 30 mingga yaqin odam ishtirok etadi. 

Sinovlarning 3-bosqichini boshlashga AQSh sog‘liqni saqlash vazirligining oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon vositalari sifati bo‘yicha boshqarmasi ruxsat bergan. Bu haqda AQSh vitse-prezidenti Maykl Pens 27 iyulda Mayami universiteti tibbiyot markazi tomonidan tashkil etilgan anjumanda ma'lum qildi. 

“Butun AQSh bo‘ylab 89 ta markazda klinik sinovlarning 3-bosqichi boshlanmoqda. Ularda 30 mingga yaqin odam ishtirok etadi”, deb ma'lum qilgan Pens. U vaksinani ishlab chiqayotgan Moderna farmatsevtik kompaniyasi sinovlarning 1-bosqichini mart oyidayoq boshlaganini eslatib o‘tgan. 

“Bu biz koronavirusning genetik kodini olganimizdan bir necha haftagina o‘tgach yuz bergandi. Shundan keyin biz, prezident Donald Tramp aytgandek, vaksinani iloji boricha tezroq olish uchun ishni “tovushdan yuqoriroq tezlikda” davom ettirdik”, deb ta'kidlab o‘tgan AQSh vitse-prezidenti.

Uning eslatib o‘tishicha, kongress vaksinani ishlab chiqish dasturiga 10 mlrd dollar ajratgan.

“Vaksina kelasi yildan qo‘llashga tayyor bo‘lishi uchun undan kuzgacha yuz millionlab doza ishlab chiqishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ygandik. Hozirda esa amerikaliklarni emlash uchun milliardga yaqin shprits sotib olmoqdamiz”, deb qo‘shimcha qilgan Pens. 

O‘tgan hafta AQSh prezidenti Donald Tramp jurnalistlar bilan brifingda AQShning Pfizer kompaniyasi koronavirusga qarshi ishlab chiqayotgan vaksina klinik sinovlardan birinchi bo‘lib o‘tishi mumkinligini, shundan keyin hukumat ushbu vaksinadan 100 mln doza olishini ma'lum qilgan. 

Shuningdek, AQSh hukumati Oksford universiteti olimlari bilan birgalikda vaksina ishlab chiqayotgan AstraZeneca britan-shved kompaniyasiga 1,2 mlrd dollar mablag‘ taqdim etgan. Bundan tashqari, Oq uy ma'muriyati ushbu maqsadlar uchun Moderna kompaniyasiga 486 mln dollar va Johnson & Johnson kompaniyasiga 456 mln dollar yo‘naltirgan. 

AQShda koronavirusga qarshi vaksinani ishlab chiqish bilan Merck va Novavax kompaniyalari ham shug‘ullanmoqda. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top