20:51 / 28.07.2020
7897
«Dorilarni bemorlarga yetkazishni shaxsan o‘zim nazorat qilaman»: Zoyir Mirzayev koronavirus bo‘yicha yangi tartiblarni ma'lum qildi

Qashqadaryoda koronavirusning tarqalishini oldini olish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev kasallik bilan kurash tizimi o‘zgartirilishini ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qishloq vrachlik punktlari, qishloq oilaviy poliklinikalari, oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli poliklinikalar tomonidan koronavirusning alomatsiz shakli bilan kasallangan bemorlarga kuniga bir marta telefon orqali, umumiy holatda tana harorati, shikoyatlari, yo‘tal, nafas qisishi, holsizlik, terlash, diareya kabi masalalar bo‘yicha murojaatlar qabul qilinib aniqlanadi.

Davolash ishlari qishloq vrachlik punkti, qishloq oilaviy poliklinikasidan biriktirilgan shifokorlar tomonidan olib boriladi. Uy sharoitida davolanayotgan bemor va ularning yaqinlari agar alomatsiz shakli kuzatilganda har kuni ikki marta telefon orqali ahvoli xabar olinadi.

Shifoxonaga yotqizilgan bemorlarning esa ular bilan muloqotda bo‘lgan qarindoshlari o‘n kun davomida uyida karantinga olinadi.

Uyida davolanayotgan, kasallikning yengil shaklini o‘tkazayotganlar mobil brigada tomonidan ikki kunda bir marta xabar olinadi. Koronavirusga chalingan bemorlar uchun maxsus dorilar mobil brigada tomonidan yetkazib beriladi.

«Men hurmatli fuqarolarga yetkazmoqchiman, kuni kecha respublika komissiyasi tomonidan Qashqadaryo viloyatiga uy sharoitida davolanayotgan bemorlar uchun 3 ming dona dorilar to‘plami yetib keldi. Buning taqsimoti viloyat komissiyasi, ya'ni o‘zimning nazoratimda bo‘ladi.

Mazkur masala uchun viloyat komissiyasi tomonidan alohida ishchi guruh tuziladi. Tuman, shaharlar hokimliklari har kuni necha bemorga qancha, qanday turdagi dorilar kerakligi yuzasidan blanka to‘ldirib viloyatga yuboradi. Bemorning aniq manzili, ism-familiyasi bilan. Yetkazib berish muddati bir sutkani tashkil etadi», dedi viloyat hokimi.

Ma'lum qilinishicha, bemorlar to‘g‘risida axborot berish va nazorat qilish tizimi quyidagicha ishlaydi:

Tibbiyot birlashmalari har kuni tuman IIB organlari bilan birgalikda koronavirusga chalingan, uy sharoitida davolanayotgan bemorlar bo‘yicha axborot almashadi. Profilaktika inspektori bemorlar ro‘yxatini mahalla fuqarolar yig‘iniga taqdim etadi. Ya'ni tibbiyot birlashmasi IIBga, IIB profilaktika inspektoriga va shu kunning o‘zida profilaktika inspektori ro‘yxatni mahalla raisiga beradi. Har kunlik yangi bemorlarni tahlil qilish va ro‘yxatini olib borish maqsadida ichki ishlar organlari tayanch punktlarida bemorlarni qayd etish kitobi yuritiladi.

Viloyat hokimi aholining epidemiologik osoyishtaligini ta'minlashda hissasini qo‘shish istagida bo‘lgan fuqarolarga ham murojaat qildi.

«Kasallikni taqsimlash, darajasiga qarab yo‘naltirish maqsadida ikki kun muddatda uchta manzilda yo‘naltirish markazlari tashkil etilyapti. Bu markazlarga ham malakali vrachlar, virusolog, epidemiolog, psixologlar kerak.

Biz shartnoma asosida ishga qabul qilib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartib asosida, masalan, vrachlarga bir kunga bir million so‘mdan pulini to‘lab berishga kafolat beramiz. Agar mana shunday paytda xalqqa yordam berish istagidagi mutaxassislar bo‘lsa, ertadan boshlab Qarshi shahrida ular bilan tanlov asosida shartnoma tuzish boshlanadi. Malakasiga qarab vrach, o‘rta tibbiyot xodimi, kichik tibbiyot xodimi kabi guruhlarga ajratib olinadi. Biz guruhni shakllantirib qo‘yamiz. Bemor qabul qilingan kundan boshlab faoliyatlarini yo‘lga qo‘yadi. Bemorlar uchun ham, tibbiyot xodimlari uchun ham barcha sharoitlarni tayyorlab qo‘yamiz, istovchilar kelib ko‘rishlari mumkin», dedi u.

Top