21:57 / 28.07.2020
2486
Italiya bosh vaziri mamlakatda favqulodda vaziyat rejimini oktyabrgacha uzaytirishni taklif qildi

Koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish maqsadida Italiyada 31 yanvarda yarim yilga favqulodda vaziyat rejimi joriy etilgandi. 

Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte milliy parlamentga COVID-19 pandemiyasi sababli mamlakatdagi favqulodda vaziyat rejimini oktyabrgacha uzaytirish taklifi bilan chiqdi.

"Bugun vazirlar kengashi yig‘ilishida bu mavzu bo‘yicha ma'lumotni tingladik, ammo hech qanday qaror qabul qilmadik. Barcha ko‘rsatma va fikrlarni o‘rganganimizdan so‘ng favqulodda vaziyat rejimini oktyabrgacha uzaytirish zarurligini angladik", - dedi Konte.

Kontening so‘zlariga ko‘ra, Italiya hukumati huzuridagi ilmiy-texnik qo‘mita ma'lumotlari "virus mamlakatda aylanib yurishda davom etayotganligi"ni ko‘rsatganligi uchun favqulodda vaziyat rejimini uzaytirish zarur.

"Xalqaro vaziyat va ayrim qo‘shni mamlakatlardagi holat hali-hanuz xavotir uyg‘otmoqda", - deb qo‘shib qo‘ydi u.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Italiyada koronavirus yuqtirish holatlari 246 mingdan oshgan, 198 mingdan ortiq bemor tuzalgan, 35 123 kishi vafot etgan. 

Top