22:14 / 28.07.2020
8731
«Ko‘rilayotgan choralar Konstitutsiyaga va O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlariga to‘la mos» – Muzraf Ikromov

Ayni paytda pandemiya sababli butun dunyo karantinga kirgan. Ammo karantinni qanday tashkil qilish va qanday cheklovlar kiritish borasida barcha turlicha yo‘l tutmoqda.

Kasallikning aholi orasida tarqalishi ko‘payib, karantin talablari kuchaytirilar ekan, o‘zbekistonlik fuqarolarda huquqiy masalalarda ko‘plab savollar tug‘ilmoqda. Bu borada turli qarama-qarshi fikrlar aytilmoqda.

Biz karantin choralari va tuzilgan muvaqqat komissiyalarning O‘zbekiston qonunchiligi va konstitutsiyaga qanchalik mosligi hamda bildirilayotgan e'tirozlar borasida Adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikromov bilan suhbat uyushtirdik.

– Yuqorida aytganimiz aholi tomonidan bildirilayotgan e'tirozli fikrlar sizningcha nimadan dalolat beradi?

– Albatta har bir huquqiy demokratik davlatda ma'lum bir huquqiy masala bo‘yicha fikrlar qarama-qarshi bo‘lishi bu tabiiy jarayon hisoblanib, bu quyidagilardan dalolat beradi:

birinchidan, fuqarolardan savollar kelib tushishi, qarama-qarshi fikrlar aytilishining barchasi fuqarolarimizning huquqiy ongi va dunyoqarashi o‘zgarayotganligi, jamiyatda bo‘layotgan jarayonlarga nisbatan o‘z fikrlarini erkin ifoda etishi, o‘zlarining kelajagi va taqdiriga nisbatan befarq munosabatda bo‘lmayotganligini anglatadi.

Adliya vazirligining bugungi kunda oldida turgan eng asosiy vazifalaridan biri bu aholining huquqiy ongini oshirish bilan bir qatorda o‘z huquqlarini talab qilib olishga o‘rgatish ham hisoblanadi.

Fuqarolar huquqini tanib, o‘z huquqlarini kerakli joyda talab qilib olsalar biz o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadimizga erishgan bo‘lamiz.

ikkinchidan, fuqarolarda daxldorlik tuyg‘usi kuchaymoqda. Jamiyatdagi har bir bo‘layotgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan o‘zlarini daxldor hisoblab, o‘zlarining fikr va mulohazalarini bayon qilmoqda. Bu jarayonda fuqarolarimizning zamonamiz xususiyatidan kelib chiqib, ijtimoiy tarmoqlardan samarali foydalanish madaniyatining yuksalayotganligini  kuzatish mumkin;

uchinchidan, hozirgi ko‘lamdagi pandemiya va u tufayli kiritilgan karantin talablari nafaqat bizda, balki butun dunyo mamlakatlarida birinchi marotaba ro‘y bermoqda. Shu nuqtai nazardan ham karantinning dastlabki kunlarida karantin talablari va cheklovlari bilan bog‘liq tartiblarga oid ayrim savol kelib chiqdi hamda bu tabiiy jarayon hisoblanadi.

Bugungi kunda karantin va pandemiya sharoitidan kelib chiqayotgan har qanday savol yoki masala bo‘yicha mamlakatimizda mustahkam huquqiy asos yaratilgan.

Qolaversa, karantin davrida aholining barcha qatlamlari, tadbirkorlik sub'yektlari va iqtisodiyot tarmoqlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 20 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

 – Bizda fuqarolarning huquqiy ongi yuqori bo‘lishi kerakligi, o‘z haq huquqlari, majburiyatlarini bilishi kerakligi borasida ko‘p gapiriladi. Lekin, ayni bugungi sharoit ko‘proq davlat organlari, vazirlik va idoralar o‘z majburiyatini, zimmasiga olgan mas'uliyatini bajarishi kerakligini ko‘rsatmoqda. Endi yuqoridagi kabi fikrlashdan voz kecharmiz, balki.

– Biz bugun nafaqat fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish masalasida balki butun bir jamiyatda huquqiy ong va madaniyatni oshirish bo‘yicha ishlayapmiz.

Jamiyatda huquqiy ong va madaniyatni oshirishda bir tomonlama yo‘nalishdan borish o‘zini oqlamaydi. Masalan, biz faqatgina fuqarolarni huquqiy ongini oshirish bilan shug‘ullanib, davlat organlari xodimlarining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish masalasini e'tibordan chetda qoldirishimiz mumkin emas.

Bugun jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish 6 ta prinsip ya'ni, «shaxs – oila – mahalla – ta'lim muassasasi – tashkilot – jamiyat» prinsipi bo‘yicha amalga oshirib kelinmoqda.

Bu prinsiplar doirasida nafaqat aholi (shaxs) balki, oilada, mahallada, ta'lim muassasasida, tashkilotda va jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlarimiz aniq belgilab berilgan va biz shu asosida ishlayapmiz.

Xususan, «respublika – viloyat – tuman» prinsipi asosida vazirlik va idoralar xodimlarining huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida bepul huquqiy maslahat kurslari tashkil etib kelyapmiz.

Shu kunga qadar 22 ta davlat organlari xodimlari to‘liq o‘qitildi.

Biz bu boradagi ishlarni keyingi bosqichda uzviy amalga oshirib borish bo‘yicha ham aniq rejalarni belgilab olganmiz.

Bundan tashqari, yuqoridagilarga qo‘shimcha ravishda davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining huquqiy ongi va madaniyatini yanada oshirib borish maqsadida, hozirda Adliya vazirligi tomonidan davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonlik darajasiga nisbatan alohida minimal talablar hamda ushbu talablarga muvofiqlik yuzasidan xodimlarni bilimini baholash va o‘qitish tartibi ishlab chiqilmoqda.

– Bugungidek kutilmagan, favqulodda holatlarda tuziladigan komissiya va shunga o‘xshash tuzilmalar tashkil etilishining huquqiy asoslari qay darajada mustahkam va bu asoslar zamon talabiga javob beradimi? Men aytayotgan e'tirozlar shundandir balki...

Shunga o‘xshash savolga yaqinda bo‘lib o‘tgan brifingimizda ham to‘xtalib o‘tgan edik.

Shunday bo‘lsa-da, foydadan xoli bo‘lmaganligi uchun yana bir bor ushbu mavzuni ochib berishga harakat qilamiz.

Hozirgi yuzaga kelgan nostandart vaziyatga o‘xshash holatlarga darhol javob qaytarish maqsadida komissiyalar tuzish amaliyoti biz uchun yangilik emas va shu kabi boshqa komissiyalarni tuzishning zarurati va samaradorligini ko‘rsatib bergan.

Masalan, bundan 20 yil oldin, ya'ni 2000 yildayoq Vazirlar Mahkamasining 142-son qarori bilan Respublika epidemiyaga qarshi kurashish favqulodda komissiyasi tuzilgan edi.

Unga odamlar o‘rtasida yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish maqsadida korxonalar, muassasalarda alohida aholi punktlari va hududlarda karantin-cheklash chora-tadbirlari hamda karantin joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qilish vakolati berilgan bo‘lgan.

Ushbu ijobiy tajribani inobatga olgan holda hamda joriy epidemiologik xavfning ko‘lamini inobatga olib, hozirgi sharoitda Respublika maxsus komissiyasi tashkil etildi va u epidemiologik vaziyatning tezlik bilan o‘zgarishiga zudlik bilan munosabat bildirib, mazkur o‘zgarishlarni bartaraf qilish bo‘yicha tezkor qarorlar qabul qilib kelmoqda.

Shu bois ishonch bilan aytish mumkinki hozirda koronavirusga qarshi olib borilayotgan kurash mustahkam huquqiy asosga va o‘z tarixiga ega.

Ko‘rilayotgan choralar esa, Konstitutsiyaga, qonunchiligimizga va O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlariga to‘la mos keladi, inson huquqlarini buzmaydi.

Komissiya faoliyatining huquqiy asoslariga batafsil to‘xtaladigan bo‘lsak, qonunchiligimizdagi quyidagi huquqiy normalarni eslab o‘tish joiz:

Avvalo, «Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida»gi Qonunning 3-moddasini yodga solish lozim. Unga ko‘ra, Hukumat ijro etuvchi hokimiyatning oliy organi bo‘lib, iqtisodiyot, ijtimoiy va ma'naviy sohalarning samarali faoliyat ko‘rsatishiga rahbarlik qilishni, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Parlament qarorlari, Prezident hujjatlari ijrosini ta'minlaydi;

Ikkinchidan, qonunning 11-moddasiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy sohadagi vakolatlari sirasiga, jumladan, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta'minlash bo‘yicha choralarni amalga oshirish kiradi.

Uchinchidan, 25-moddaga binoan, davlat va xo‘jalik boshqaruvining ayrim masalalari bo‘yicha takliflar tayyorlash, Hukumat qarorlari loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek uning ayrim topshiriqlarini bajarish uchun muvaqqat komissiyalari tashkil etilishi mumkin.

To‘rtinchidan, Hukumat reglamentiga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi vakolatlarining amalga oshirilishi komissiyalar, kengashlar va boshqa idoralararo kollegial organlar faoliyati bilan ham ta'minlanadi.

Beshinchidan, Vazirlar Mahkamasida uning vakolatlariga kiradigan masalalarni ko‘rib chiqish Hukumat tashkil etadigan komissiyalarning hamda boshqa idoralararo kollegial organlarning majlislarida manfaatdor davlat organlari va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirokida amalga oshiriladi.

Oltinchidan, “Aholining sanitar-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi qonunning 31-moddasiga muvofiq, yuqumli va parazitar kasalliklarning paydo bo‘lish yoki tarqalish xavfi yuzaga kelgan taqdirda Vazirlar Mahkamasi yoki viloyat hokimliklari ham o‘rnatilgan tartibda tegishli hududlarda yoki obektlarda belgilangan tartibda cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etishi mumkin.

Shu tariqa, bir vaqtning o‘zida Fuqaro muhofazasi boshlig‘i bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri boshchiligidagi Maxsus komissiya Vazirlar Mahkamasi vakolatlarini amalga oshirishni ta'minlashning usullaridan biri ekanligi oydinlashadi.

O‘zbekiston Prezidentining maxsus farmoyishiga muvofiq, koronavirus bo‘yicha epidemiologik vaziyatning yomonlashishi ehtimoli belgilarini o‘z vaqtida aniqlash va kasallanish xavfini kamaytirish hamda bemorlarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatishga qaratilgan profilaktik va epidemiologiyaga qarshi kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish Maxsus komissiyaning asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan.

Hukumatning 2020 yil 23 martdagi 176-son qarori bilan Komissiya tomonidan o‘z vakolati doirasida qabul qilinayotgan qarorlarning majburiy ijro qilinishi ko‘rsatib o‘tilgan.

«Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida»gi Qonunning 35-moddasiga ko‘ra esa, Hukumatning qabul qilgan qarorlari va farmoyishlari O‘zbekiston Respublikasining butun hududida barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar hamda fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir.

Shularni inobatga olib, bugungidek kutilmagan vaziyatga munosib va tezkor javob berish uchun tuzilgan komissiya tashkil etilishining huquqiy asoslari borasida biror bir ikkilanishga va e'tirozlarga asos yo‘q deb hisoblaymiz.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top