11:57 / 28.07.2020
4201

O‘zbekistonda Turkiya to‘qimachilik kompaniyasi bilan qo‘shma korxonalar tashkil etilishi kutilyapti

Bu jahon bozorlarida barqaror talabga ega bo‘lgan taniqli brendlar ostida yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati

Joriy yilning 27 iyul kuni O‘zbekiston delegatsiyasining Anqara shahriga tashrifi doirasida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov Turkiya kompaniyalari va tijorat tashkilotlari rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabariga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida joriy hamkorlikning holati hamda yaqin kelajakda uni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi, shuningdek, qo‘shma loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirish doirasida mavjud masalalar ko‘rib chiqildi.

Turkiya "Xalq banki"ning bosh direktori O.Arslon bilan suhbat chog‘ida bank O‘zbekiston bozorida faoliyatini tashkil etishi uchun shart-sharoitlar ko‘rib chiqildi. Xususan, "Xalq banki"ning O‘zbekiston tijorat banklari aksiyalarining davlat ulushini xususiylashtirishda ishtirok etishining istiqbollari, shuningdek, O‘zbekistonda istiqbolli investitsiya loyihalarini birgalikda moliyalashtirish uchun O‘zbekiston banklariga kredit liniyalarini ochish masalalari muhokama qilindi.

"Aksa Enerdji" kompaniyasining bosh direktori J.Kazanji bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Toshkent viloyatida umumiy qiymati 60 mln dollarni tashkil etadigan 240 MVt quvvatli issiqlik elektr stansiyasini qurish loyihasi va uni amalga oshirishni jadallashtirish chora-tadbirlari bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, elektr energetika sohasida ishlab chiqarishga hamda mehmonxona biznesidagi loyihalarni amalga oshirishga kompaniyani jalb qilish orqali investitsiya hamkorligini kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

"Jyengiz Xolding" kompaniyasi direktorlar kengashi raisi M.Jyengiz bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot qurilish, energetika, foydali qazilmalarni qazib olish sohalari, aviatsiya va turizm tarmoqlari, shuningdek, sug‘urta faoliyati sohasida investitsiya hamkorligining istiqbollarini har tomonlama ko‘rib chiqishga imkon berdi.

"Dal Teknik Makina" kompaniyasining Kuzatuv Kengashi raisi D.Dal bilan suhbat chog‘ida turkiyalik investorning O‘zbekistondagi yuqori texnologik loyihalarni amalga oshirishdagi muvaffaqiyatli tajribasi ta'kidlandi.

Hozirgi kunga qadar "Dal Teknik Makina" kompaniyasi Angren EIZ hududida qiymati 17 mln dollarlik metallni qayta ishlash loyihasini, shuningdek, Jizzax viloyatida 10 mln dollarlik sement ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirdi.

Uchrashuv davomida ushbu korxonalarning joriy operatsion faoliyati bilan bog‘liq masalalar birgalikda o‘rganildi va ularni qisqa muddatlarda hal qilish choralarini ishlab chiqish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

"Agarta tekstil" to‘qimachilik kompaniyasi asoschisi N.Yildiz bilan muzokaralar davomida O‘zbekistonda qo‘shma korxonalar tashkil etish orqali investitsiya sohasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama qilindi, bu jahon bozorlarida barqaror talabga ega bo‘lgan taniqli brendlar ostida yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

Turkiyaning 48 ta viloyatidagi 120 ta franchayzing qahvaxonasini o‘z ichiga olgan "Kahve diyari" kompaniyasi asoschisi E.Uzegen bilan uchrashuv ham samarali bo‘ldi. Turkiya tomoni O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etishga tayyorligini bildirdi va shu munosabat bilan o‘zbekistonlik sheriklar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Top