22:29 / 29.07.2020
10440

Dunyoning eng qimmatbaho brendlari e'lon qilindi 

Forbes nashri dunyoning eng qimmatbaho brendlarining navbatdagi reytingini taqdim qildi. Unda yetakchi o‘rinlarni avvalgi reytingdagi kabi axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yurituvchi 5 kompaniya - Apple, Google, Microsoft, Amazon va Facebook egallagan. Umumiy hisobda reytingdan 100 ta brend joy olgan.

Foto: Interbrand

2019 yildagi kabi 1-o‘rinni Apple egallagan. U 241,2 mlrd dollarga baholangan. Ushbu brend bir yil ichida 17 foizga qimmatlagan. Yetakchi beshtalikdan, shuningdek, Google (207,5 mlrd dollar), Microsoft (162,9 mlrd dollar), Amazon (135,4 mlrd dollar) va Facebook (70,3 mlrd dollar) o‘rin olgan

Keyingi o‘rinlarni Coca-Cola (64,4 mlrd dollar), Disney (61,3 mlrd dollar), Samsung (50,4 mlrd dollar), Louis Vuitton (47,2 mlrd dollar) va McDonald's (46,1 mlrd dollar) egallagan.

2019 yilda yetakchi o‘ntalikka kirgan Toyota bir yil ichida 7 foizga arzonlashib, 11-o‘rinni egallagan. Shunga qaramay, u dunyoning eng qimmatbaho avtomobil brendi bo‘lib qolgan.

Ta'kidlash joiz, yetakchi o‘ntalikdan faqatgina Facebook va Samsung brendlari arzonlashgan, qolgan brendlar esa qimmatlashgan. Shuningdek, bir yil ichida eng katta o‘sishni (70 foiz) Netflix qayd qilib, 26-o‘rinni egallagan. Bundan tashqari, Chanel bir yil ichida 42 foizga, Amazon 40 foizga, Microsoft 30 foizga, Paypal 24 foizga qimmatlashgan.

Reytingdan joy olgan brendlarning umumiy qiymati 2,54 trln dollarni tashkil qilgan. 2019 yilda bu ko‘rsatkich 2,33 trln dollarga yetgan.

Eng qimmatbaho brendlardan 50tadan ko‘prog‘i AQSh, 10 ta brend Germaniya, 9 ta brend Fransiya, 6 ta brend Yaponiya va 5 ta brend Shveytsariya kompaniyalariga tegishli. Shuningdek, reytingdan 20 ta texnologik kompaniya, moliyaviy xizmatlar ko‘rsatuvchi 14 ta kompaniya, 11 ta avtomobilsozlik kompaniyasi va savdo sohasida faoliyat yurituvchi 8 ta kompaniya brendlari joy olgan.

Top