16:15 / 29.07.2020
9568
Farg‘ona viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar uchun 12 600ta zaxira joy tayyorlandi

Shuhrat G‘aniyevning aytishicha, 1 avgustga qadar 12 600ta zaxira joy tayyorlash reja qilingandi. 

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi

Farg‘ona viloyatidagi sihatgohlar tibbiyot talablariga javob berishi nuqtai nazaridan saralanib ularda koronavirusga chalinganlar, ular bilan aloqada bo‘lganlar uchun zaxira joy tayyorlanmoqda, deya xabar berdi viloyat hokimligi axborot xizmati.

Viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevning aytishicha, 1 avgustga qadar 12 600 ta zaxira joy tayyorlash reja qilingan. Buning uchun viloyatdagi xususiy shifoxonalar ham jalb etildi. 

Qayd etilishicha, Farg‘ona shahri markazida qad rostlagan 3 qavatli yangi shifoxonada diagnostika, tahlil laboratoriyalari, videomuloqot uchun onlayn konferensiya zallari ham mavjud. U to‘lig‘icha ehtimoliy ehtiyojni qoplash uchun zaxiraga olindi.

- Viloyatdagi 14 ta katta sport zallarida ham qayta moslashtirish ishlari yakunlanyapti. Birgina Farg‘ona shahridagi 8 ta sport saroylarida bemor yoki ular bilan aloqada bo‘lganlar uchun bir necha ming zaxira joy hozirlandi, - deydi koronavirusga qarshi kurash viloyat shtabi rahbari, hokim o‘rinbosari Fayzullo Qosimov.

Farg‘ona shahridagi Olimpiya zaxiralari kollejining bir necha sport zallari xona-xonalarga bo‘lingan. Har bir xonaga karavot, sanitariya ehtiyoj xonasi, tibbiy jihozlar o‘rnatilgan. Shu yerning o‘ziga 500 ta kislorod konsentratori va shuncha IVL apparatlari olib kelindi.

Qo‘qon shahridagi 1-bolalar sport maktabi zalida ham bemor yoki gumonlanganlar uchun shu kabi xona-joylar borligi aytiladi. 

- Shu yerning o‘zida 600 ta, Qo‘qon shahridagi 4 ta sport zallarida jami 2000 ta bemor uchun zaxira joy tayyorlanyapti, - deydi viloyat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Saidmurod Aminjonov. – Barcha xarajatlar viloyat budjetining oshirib bajarilgan qismidagi mablag‘ hisobidan qoplanmoqda.

“Koronavirus yuqtirganlar mamlakatimizda kundan-kun ko‘payib boryapti. To‘g‘ri ular soni Farg‘ona viloyatida nisbatan oz. Lekin bu xotirjamlikka asos bo‘lolmaydi. Ayni chog‘da viloyatda amalga oshirilayotgan bu kabi ishlar xavotirlanishga ham o‘rin yo‘qligini bildiradi. Shunday bo‘lsa-da, bu virusni yuqtirmaslik uchun shifokor, mutaxassislar tavsiyalariga qat'iy rioya qilaylik”, - deyiladi viloyat hokimligi xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi statistikasiga ko‘ra, 28 iyul holati bo‘yicha Farg‘ona viloyatida 239 kishida koronavirus aniqlangan. Ularning 206 nafari tuzalib chiqqan va bir kishi vafot etgan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top