23:21 / 29.07.2020
3097
Nukusda karantin sabab aliment to‘lay olmay qolgan ota ikki uyidan birini farzandining nomiga o‘tkazib berdi

Karantin davrida aliment bilan bog‘liq ijro hujjatlarining ijrosini ta'minlash bo‘yicha barcha choralar ko‘rilmoqda, deb xabar beradi Majburiy ijro byurosi.

Ma'lum qilinishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudining 21.07.2016 yilgi ijro varaqasiga asosan, qarzdor A.O.dan undiruvchi M.J. foydasiga uning tarbiyasidagi 2 nafar farzandining ta'minoti uchun ish haqi va boshqa daromadlaridan 1/3 qismi miqdorida aliment undirilishi belgilangan.

Ijro hujjati bo‘lim ish yurituviga 20.08.2017 yilda kelib tushgan bo‘lib, ijro harakatlari olib borilgan va qarzdor tomonidan shu kungacha aliment pullari uzluksiz va o‘z vaqtida to‘lanib kelingan.

Lekin hozirgi pandemiya davrida qarzdor ota ishsiz qolgani bois, aliment to‘lovlari 4 oydan buyon to‘lanmay qolgan.

Shunda, bo‘lim davlat ijrochilari qarzdor ota bilan aliment to‘lamaslikning huquqiy oqibatlari va agarda o‘zining ikkita uyining birini farzandlari yoki sobiq turmush o‘rtog‘iga hadya qilgan taqdirda mazkur ijro ishini tamomlash uchun asos bo‘lishi haqida tushuntirgan.

«Natijada alimentchi ota o‘ziga tegishli bo‘lgan Nukus tumani «Baqanshaqli» OFY hududida joylashgan uyini, sobiq turmush o‘rtog‘i bilan o‘zaro kelishib, farzandining nomiga rasmiylashtirib berdi va ijro ishi «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi Qonunning 41-moddasiga asosan tamomlandi», – deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha qilinishicha, MIBning Nukus tuman bo‘limi ish yurituvida aliment nafaqasini undirish bilan bog‘liq 250dan ortiq ijro hujjatlari mavjud bo‘lib, shundan 185ta ijro hujjati bo‘yicha qarzdorlarning ish haqidan aliment pullarini undirish yuzasidan talabnoma yuborilgan va undiruv ish haqlariga qaratilgan. Qolgan qarzdorlardan esa aliment nafaqalari ishsizlik hisobidan undirilmoqda.

Top