16:50 / 29.07.2020
5613
O‘zbekiston diniy konfessiyalar vakillari karantin davri muammolariga fikrlarini bildirdi

O‘zbekiston diniy konfessiya namoyandalari hamda tadqiqotchi olim O‘zbekistonda joriy qilingan karantin choralari, ayrim ijtimoiy media tarmoqlarida vahimaga soluvchi, sarosima uyg‘otuvchi va narxlarni sun'iy ravishda oshiruvchilar xususida fikrlarini bildirdi. Xususan, ular pandemiya davri ortda qolishi, yorug‘ kunlar yaqinligi xususida ishonch bildirdilar.

Karantin talablariga amal qilish qay darajada muhim?

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov

Jumani uyda o‘qish hukmi, balo kelganda tavba-istig‘for. Homidjon ...
Homidjon domla Ishmatbekov

«O‘zingiz, ahli oilangiz va farzandlaringiz kelajagi uchun karantinga amal qiling!

Dinimiz buyurgani, shariatimiz talabi va imon-e'tiqodingiz boisidan qarantin choralariga rioya qiling!

Sahobalardan birlari mushkul ahvolga tushib, «Ey Allohning Rasuli, najot nimada? deb so‘radilar, shunda Rasuli Akram alayhissalom «Tilingni tiy, uyingda qol va xatolaringga yig‘la», deb ta'kidlaganlar.

Toshkent shahar Rus pravoslav cherkovi ruhoniysi Sergey Statsenko

Sergey Statsenko

«Qanchalik taajjublanarli bo‘lmasin, cherkov qarashi jamiyat qarashi bilan amalda mos keladi. Bu borada Injilni misol keltira olamiz. Unda aytiladiki, agar inson tanasida g‘alati alomatlar paydo bo‘lsa, ma'lum bir vaqt mobaynida, qanday kasallik ekani aniqlanmaguncha, o‘zini yakkalashi lozim bo‘ladi.

Biz qadimgi davrlardayoq jamiyat salomatligini asrash uchun xasta bemorlarni saqlaydigan alohida qo‘rg‘onlar bo‘lgani haqida gapiryapmiz. Bugungi kun haqida fikr yuritadigan bo‘lsak, karantin choralari asosiy qadriyat bo‘lgan inson hayoti va ruhini saqlash bilan bog‘liqdir».

Arkadiy Isaxarov Yahudiy diniy jamoalari rahbari

Arkadiy Isaxarov

«Atrofimizda pandemiya hukm surayotgan bugungi kunda birlashishimiz, qadriyatlarimiz, pandemiyaga tezroq barham beradigan va bartaraf etadigan barcha masalalar atrofidagi aqlli yechimlar yuzasidan birlashishimiz kerak».

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tadqiqotchisi, bloger Ziyovuddin Rahim

«Inson o‘z sog‘ligi, yaqinlari va oilasining sog‘lig‘ini asrashga mas'uldir».

Vahima uyg‘otuvchi, sarosima soluvchi va narxlarni oshiruvchilarga munosabat

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov

«Xushxabar qiluvchi bo‘lish kerak, aslo vahima va sarosima uyg‘otmaslik lozim. Xalqning boshiga sinovli kunlar kelganda narxni oshirib, foydalanib qolishdan saqlaning! Narx belgilashda oliyjanob va karamli bo‘ling! Nabiy alayhissalom: «Sotganda, sotib olganda va haqqini talab qilganda karamli bo‘lgan odamga Alloh rahm qilsin», deganlar.

Toshkent shahar Rus pravoslav cherkovi ruhoniysi Sergey Statsenko

«Ishonch bilan aytish mumkinki, bunday mish-mishlarni yo vijdonsiz insonlar yoki ruhan xasta kishilar tarqatadi. Biz texnologiyalar davrida yashayapmiz, bu davrda ko‘proq pul topish muhim bo‘lib qolgandek. Gap juda katta miqdordagi moddiy mablag‘ haqida borar ekan, ayrimlar vijdonini yo‘qotadi.

Menimcha, ko‘plab yolg‘on xabarlar shunday oson pul topish ilinjida axborot maydonida tarqatiladi. Alaloqibat, bunday ur-to‘polonda oddiy insonlar aziyat chekadi. Agar shundog‘am asabiy holatda bo‘lgan insonlarni aqlini yo‘qotishga turtki berilar ekan, buni jinoyat deb hisoblayman. Shuning uchun, iltimos qilardimki, o‘zimiz va yaqinlarimizning sog‘lig‘ini asrash, muvozanatni saqlash uchun bunday mish-mishlarni nafaqat qayta tekshirib ko‘rish, balki tarqalishining oldini olishsin».

O‘zbekiston yahudiy diniy jamoalari rahbari Arkadiy Isaxarov

«Bunday salbiy lahzalarni namoyon qilish, narxlarni oshirish, turli nomaqbul yo‘llar bilan boylik orttirish hech qanday qoidalarga to‘g‘ri kelmaydi. Biz barcha qonun-qoidalarga rioya qilishimiz kerak, chunki ular bizga hayot qoidalarini taqdim etadi. Tavrotda aytiladiki, “Ziyon qilma!”. Barcha narsa inson farovonligiga xizmat qilishi kerak!»

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tadqiqotchisi, bloger Ziyovuddin Rahim

Ziyovuddin Rahim

«Oddiy aholiga imkon qadar yengillik qilishni har bir inson o‘ylashi kerak. Qachonki, tijoratchi halol va insof bilan ishlasa, rostgo‘y bo‘lsa, ana o‘shandagina uning kasbiga baraka beriladi. Bu o‘rinda har bir tadbirkor, har bir inson mas'uldir».

Umidsizlikka tushmaslik, yorug‘ kunlarga ishonch bilan yashash haqida

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov

«Doimo yaxshi kunlarga intilib yashang, zinhor umidsizlikka tushmang! Har bir ish Alloh taloning izni va irodasidadir. Haq taolo hech qachon o‘z bandalarini ketma-ket og‘ir ahvollarga tashlab qo‘ymaydi, sinovlarga sabr va shukr qiling! Qur'oni karimda: “Albatta Alloh tezda tanglikdan keyin yengillikni paydo qilur” (Taloq, 7), deb xushxabar qilingan».

Toshkent shahar Rus pravoslav cherkovi ruhoniysi Sergey Statsenko

«Keling, bu vaziyatga nafaqat yordam berish imkoniyati, balki ma'naviy yordam imkoniyati sifatida qaraylik. Chunki, ushbu ilojsizlik bizni Yaratgan kimdir borligini va sayyoramiz taqdiri Uning qo‘lida ekanini yodga soladi. Sizlarga tushkunlikka tushmaslikni, sabrli bo‘lishni tilagan bo‘lar edim. Biz, albatta, avvalgidan ham yaxshiroq bo‘lgan davrga qaytamiz. Ishonchim komilki, Yaratgan barcha narsani eng yaxshi usulda taqdir qiladi».

O‘zbekiston yahudiy diniy jamoalari rahbari Arkadiy Isaxarov

«Biz ishonamizki, Yaratgan barcha muammolarni ortda qoldirishimizga yordam beradi. Oldinda yorqin kelajak kutmoqda, qodir Xudo har doim biz bilan bo‘lgan va bo‘ladi».

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tadqiqotchisi, bloger Ziyovuddin Rahim

«Har bir inson bu paytda ruhini cho‘ktirmasdan, tushkunlikka tushmasdan, dadil bo‘lib, o‘zining ruhiyatini ko‘tarib, hayotini davom ettirishi lozim bo‘ladi. Mo‘min inson, aslida, tushkunlikka tushmaydi, chunki Qur'oni Karim oyatlarida, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam hadisi shariflarida, hech qachon tushkunlikka tushmasdan, sabr bilan taqdirga iymon keltirib, doim olg‘a qadam tashlashga chaqirilgan». 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top