08:10 / 29.07.2020
3156
O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘zbekistonlik fuqarolarni ishga yuborishni tiklash bo‘yicha muzokara olib bormoqda

Hozirgi kunda 400 dan ortiq fuqaro tashkiliy tarzda jo‘nab ketishga tayyor, ammo 13 iyuldan charter reyslar orqali fuqarolarni tashkiliy tarzda jo‘natish vaqtinchalik to‘xtatilgan.

AOKA huzuridagi shtabda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati rahbari Ortiqxo‘ja Norov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.

Brifingda ma'lum qilinishicha, Koreya Respublikasi talabiga ko‘ra, fuqarolar avvalo mazkur davlatga kirishdan oldin 14 kunlik majburiy karantin talablariga rioya qilish bo‘yicha rozilik bitimini tuzishi hamda Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan tavsiya qilingan tibbiyot muassasalaridan jo‘nab ketishdan 48 soat oldin koronavirusga test topshirishi belgilangan.

Rozilik bitimida ko‘rsatilgan Koreyadagi o‘zini o‘zi yakkalash manzili tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganiladi. O‘rganish natijasiga ko‘ra, o‘zini o‘zi yakkalash joyi karantin qoidalariga to‘g‘ri kelgan taqdirda, fuqarolarga Koreya Respublikasiga kirish uchun ruxsat beriladi.

“Ishchi vizasiga ega fuqarolarning mazkur davlatga charter reys orqali kirib borishi bo‘yicha ham cheklovlar mavjud, ya'ni bitta reysda 60 nafardan oshmasligi lozim.

Mehnat ta'tili olib O‘zbekistonga kelgan fuqarolarni charter reyslar orqali ish joylariga qaytarish uchun ularning ID kartalari amal qilish muddati bo‘yicha ro‘yxat shakllantiriladi, ya'ni fuqaroning ID kartasi tugash muddati qancha kam bo‘lsa, u ro‘yxatning yuqorisidan joy oladi.

Fursatdan foydalanib, Janubiy Koreyada ishlab, mehnat ta'tili uchun O‘zbekistonga kelgan fuqarolardan www.eps.go.kr saytidagi shaxsiy kabineti ma'lumotlarini muntazam tekshirib borishni tavsiya etamiz. Agar ish beruvchi tomonidan mehnat shartnomasi bekor qilingan yoki rad etilgan taqdirda, zudlik bilan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga bu haqda xabar berishlarini so‘raymiz”, - dedi Ortiqxo‘ja Norov.

Qayd etilishicha, joriy yilning 10 iyun sanasidan 10 iyul sanasiga qadar mehnat ta'tili uchun O‘zbekistonga kelgan fuqarolardan 131 nafari charter reyslar orqali Koreya Respublikasiga tashkiliy tarzda jo‘natilgan. Ketishdan avval qator tibbiy ko‘riklardan o‘tgan, shu jumladan koronavirus kasalligiga qarshi test topshirgan bo‘lishiga qaramay, 5 nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlangan.

Hozirgi kunda 400 dan ortiq fuqaro tashkiliy tarzda jo‘nab ketishga tayyor, ammo 13 iyuldan charter reyslar orqali fuqarolarni tashkiliy tarzda jo‘natish vaqtinchalik to‘xtatilgan.

Hozirda fuqarolarni tashkiliy tarzda jo‘natish bo‘yicha Koreya Respublikasining tegishli tashkilotlari bilan muzokara olib borilmoqda, deyilgan ma'lumotda.

Top