13:41 / 29.07.2020
1954
O‘zbekiston va Turkiya tezkor bojxona rasmiylashtiruvi tizimini yo‘lga qo‘yishi mumkin

Bu ikki davlatni bog‘laydigan transport yo‘laklari orqali yuk tashish hajmining barqaror o‘sishini ta'minlash maqsadida amalga oshiriladi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati

Anqara shahrida O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzoqov rahbarligidagi O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Turkiya vitse-prezidenti F.O‘ktay va Turkiyaning asosiy vazirlik va idoralari rahbariyati bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabariga ko‘ra, uchrashuv COVID-19 pandemiyasining ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni rivojlanishiga ko‘rsatayotgan salbiy ta'sirini minimallashtirish, shuningdek, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida investitsiya, savdo, transport va logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qilishga bag‘ishlandi.

Respublika aholisi orasida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi munosabati bilan aholiga yordam ko‘rsatish masalalari bo‘yicha maslahatlar berish va tibbiy muassasalarni boshqarishda ko‘maklashish uchun turkiyalik shifokorlarning O‘zbekistonga tashriflarini tashkil qilishning imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, uchrashuv ishtirokchilari savdo-iqtisodiy sohada O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi bir qator hukumatlararo bitimlarini ratifikatsiya qilish protseduralari tugallanganligi to‘g‘risida fikr almashdilar. Ikki tomonlama idoralararo muvofiqlashtiruv natijasida hozirga qadar Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi bitim, Ikki tomonlama soliq solinishini oldini olish to‘g‘risidagi bitim, shuningdek, Xalqaro kombinatsiyalangan yuk tashish to‘g‘risidagi bitim hamda Xalqaro yo‘lovchi va yuklarni tashish to‘g‘risidagi bitimlarning kuchga kirishiga erishilganligi ta'kidlandi. 

Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim loyihasini birgalikda ishlab chiqish doirasida o‘zaro hamkorlikni faollashtirish va loyiha bo‘yicha kelishish jarayonlarini qisqa muddatda yakunlash to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Transport-logistika sohasidagi hamkorlikka alohida e'tibor qaratildi - O‘zbekiston va Turkiyani bog‘laydigan transport yo‘laklari orqali yuk tashish hajmining barqaror o‘sishini ta'minlash maqsadida ushbu yo‘laklar bo‘ylab “yashil liniya” tezkor bojxona rasmiylashtiruvi tizimini yaratish masalasi ko‘rib chiqiladi. Mazkur tizim tovarlarni oldindan deklaratsiya qilish hamda immigratsiya, karantin va manfaatdor mamlakatlarning transport organlari o‘rtasida ma'lumotlarning elektron almashish mexanizmlarini joriy etishni nazarda tutadi. Tashqi savdo, bojxona va transport organlari vakillaridan iborat maxsus qo‘shma ishchi guruhini tashkil etishga qaror qilindi. Guruh maqsadi ushbu tashabbus doirasida amaliy vazifalarni ishlab chiqish bo‘ladi.

Uchrashuv doirasida joriy yilning fevral oyida amalga oshirilgan yuqori darajadagi tashrif chog‘ida tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Harakatlar rejasi”ning bajarilishi ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, uchrashuv yakunlariga muvofiq tomonlar Hukumatlararo qo‘shma iqtisodiy komissiya majlisini shu yil oxirigacha Toshkent shahrida o‘tkazishga kelishib oldilar.

Top