18:24 / 29.07.2020
764
Pandemiya tufayli 500 mingga yaqin fuqaro xorijga ishlashga keta olmagan – vazirlik

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Maryam Abdukarimova pandemiya tufayli ishsiz qolgan aholi qatlami xususida ma'lumot berdi.

Unga ko‘ra, pendemiya negizidagi cheklovlar tufayli respublika bo‘yicha 500 mingga yaqin fuqaro chet davlatlarga ishlashga keta olmay qolgan.

«Bu fuqarolarning 76 ming nafari hozirda vaqtinchalik ish bilan ta'minlangan. Xususan, 68 ming fuqaro haq to‘lanadigan jamoatchilik ishlariga jalb qilinib, ish haqi Jamoat ishlari jamg‘ramasi tomonidan moliyalashtirilib berildi. 10,5 mingga yaqin fuqaroga shaxsiy tomorqadan foydalanish uchun subsidiya ajratildi, 2,5 ming fuqaro kooperativlarga a'zo sifatida biriktirilib bandligi ta'minlandi», dedi vazirlik vakili AOKAdagi brifingda.

Maryam Abdukarimovaning so‘zlariga ko‘ra, «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati doirasida o‘zbek diasporalari bilan hamkorlikda Rossiyada ishsiz va og‘ir vaziyatda qolgan mehnat migrantlarining 2000 nafariga oziq-ovqat ko‘rinishida, 374 nafariga pul ko‘rinishida yordam ko‘rsatilgan.

«Rossiyadagi migrantlarning 96 nafari hostelga joylashtirilib, oziq-ovqat bilan ta'minlandi. «Mehr» jamg‘armasi orqali 374 nafar fuqaroning banklardagi hisob raqamlariga bir martalik pul mablag‘i o‘tkazib berildi», dedi u.

Top