18:31 / 29.07.2020
18356
Saudiya Arabistonida Haj mavsumi boshlandi. Unda qatnashish uchun 10 ming kishiga ruxsat berilgan

Bugun, 29 iyul kunidan Saudiya Arabistonida Haj mavsumi boshlandi. Har yili 2 milliondan ortiq musulmon ado etib kelgan farz ibodatlarda bu yil pandemiya sababli 10 ming nafar ziyoratchi qatnashishiga ruxsat berilgan.

Foto: Reuters

Koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida Saudiya Arabistoni xorijdan keladigan musulmonlarning Haj mavsumida ishtirok etishini taqiqlashga majbur bo‘ldi. Ruxsat berilgan 10 ming kishidan 30 foizi – podshohlikning o‘z fuqarolari bo‘lsa, qolgan 70 foizini xorij fuqarolari – Saudiya rezidentlari tashkil etadi.

Ziyoratchilar dastavval o‘z uylarida, Haj boshlanishidan bevosita oldin esa to‘rt kun mobaynida mehmonxonalarda karantinda saqlangan, koronavirusga test topshirishgan. Ular Haj yakunlanganidan keyin ham bir muddat karantinda bo‘lishlari talab etiladi.

Besh kun davomida ado etiladigan Haj ibodatlarida barcha ishtirokchilar to‘liq tibbiy niqobda bo‘lishlari va ijtimoiy masofa saqlashlari shartligi, muntazam ravishda tana haroratlari o‘lchab turilishi belgilangan.

«Al-Jazira» xabariga ko‘ra, ziyoratchilardan ular qayerlarda bo‘lganini qayd etib boruvchi, bilakka taqiladigan elektron qurilmalarni taqib yurish so‘ralmoqda.

Bu yil epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, Ka'bani 7 marotaba aylanish (tavof) chog‘ida baytullohni o‘pish yoki uni ushlashga urinish taqiqlangan. Shu maqsadda Ka'ba atrofi to‘siq bilan o‘ralgan.

Foto: Getty Images
Foto: Getty Images

Shuningdek, Makka shahri yaqinida, Mino vodiysida shaytonga tosh otiladigan joyda yig‘iluvchilar bir vaqtning o‘zida 50 kishidan oshmasligi kerak.

Muzdalifa vodiysi va Arofat tepaligida ziyoratchilar har 50 kv metrga 10 kishidan bo‘lib joylashishadi, chodirlar orasidagi masofa 1,5 metrdan kam bo‘lmasligi talab etiladi.

Foto: Getty Images
Foto: Getty Images

Ziyoratchilarni olib yuruvchi avtobuslar o‘z sig‘imining yarmigacha bo‘lgan miqdorda odam tashishi mumkin. Oziq-ovqat va ichimliklar faqatgina shaxsiy foydalanish uchun yopiq idishlarda beriladi. Muqaddas Zamzam suvi uchun ham faqat bir martalik idishlardan foydalaniladi.

Makka shahri va uning atroflarida Haj mavsumi ishtirokchilariga mo‘ljallangan ko‘plab sog‘liqni saqlash punktlari, mobil klinikalar va tez yordam mashinalarini ko‘rish mumkin.

Ziyoratchilar – ibodatni ado etish uchun ariza bergan, yoshi 30-50 yosh oralig‘idagi, surunkali kasalliklari yo‘q, avval Haj ibodatini ado etmagan, koronavirusga topshirgan testi manfiy chiqqan hamda Hajdan avval ham, keyin ham karantinda bo‘lishga rozilik berganlar orasidan lotereya asosida tanlab olingan.

Haj vazirligi ishtirokchilarni onlayn tanlab olish jarayonida 160ga yaqin mamlakat fuqarosi bo‘lgan rezidentlar qatnashganini ma'lum qilgan, ammo jami qancha ariza kelib tushganini ochiqlamagan.

Foto: Getty Images
Foto: Getty Images

Ma'lumot uchun, Saudiya Arabistoni – arab davlatlari ichida koronavirusga chalinganlar soni eng yuqori mamlakatlardan biri bo‘lib turibdi. Podshohlikda 270 mingdan ortiq kishi virus yuqtirib olgan bo‘lib, bu – dunyo miqyosidagi 13-ko‘rsatkichdir. Qurbonlar soni 2,8 mingdan oshgan, jami 228 mingdan ortiq bemor tuzalgan.

Pandemiya tarqalishing oldini olish bo‘yicha choralar doirasida mart oyida mamlakatdagi barcha masjidlar yopilgan edi. Iyun oyidan ular bosqichma-bosqich ochila boshladi. Avvalroq Madina shahridagi Nabaviy masjidida ham ibodatlarga ruxsat berilgan bo‘lsa, Makkada joylashgan musulmon olamining bosh masjidi – Masjid-ul Harom Haj mavsumiga qadar yopiq qolayotgan edi.

Qo‘shimcha qilish joiz, Haj mavsumi Saudiya Arabistoni davlati g‘aznasiga yiliga 12 milliard dollar daromad olib kelar edi. Ushbu daromadning yo‘qotilishi, shuningdek jahon miqyosida neft narxi tushib ketishi podshohlik budjetiga jiddiy zarba bo‘ldi.

Top