02:11 / 29.07.2020
14999
Turkmaniston TIV tojikistonlik muxbir e'lon qilgan ob-havo ma'lumoti uchun norozilik bildirdi
Foto: Turkmaniston tashqi ishlar vazirligi

Turkmaniston tashqi ishlar vazirligi tojikistonlik muxbir tomonidan e'lon qilingan ob-havo ma'lumoti uchun rasman norozilik e'lon qildi.

Turkmaniston TIV «Mir» telekanalida Tojikiston tomonidan berilgan ob-havo ma'lumotida yaqin kunlarda kutilayotgan issiq ob-havo Erondan Turkmaniston hududi orqali kirib kelayotgan issiq havo oqimi tufayli sodir bo‘lishi aytilgani uchun o‘z noroziligini bildirdi.

Turkmaniston TIV saytida yozilishicha, Tojikiston tomonidan berilgan ob-havo ma'lumotida Turkmaniston haqida eslatib o‘tilgani «xavotirli holat» sifatida qabul qilingan.

Xabarda shunday deyiladi: «2020 yil 27 iyul kuni «Mir» telekanalida uning Tojikistondagi muxbiri Azamat Ziyayevning lavhasi uzatildi. Unda muxbir Tojikistonda yaqin kunlarda kutilayotgan issiq ob-havo Turkmaniston hududi orqali Erondan issiq havo oqimi kirib kelishi natijasida kuzatilishini aytgan. Turkmaniston tomoni bunday bayonotni noprofessional va savodsizlarcha berilgan deb hisoblaydi».

Xabarda Turkmaniston TIV mamlakat meteorologiya xizmati Erondan kirib kelayotgan issiq havo oqimlarining Tojikistonga Turkmaniston kirib borishini inkor etmasligini ma'lum qilgan, ammo shu bilan birga muxbirning xatti-harakatini siyosiy jihatdan noto‘g‘ri deb hisoblashini bildiradi.

Turkmaniston TIV bergan xabarda bugun koronavirus havo orqali yuqishi tasdiqlangani, shu uchun havo oqimlari kirib kelishida boshqa bir mamlakat nomining tilga olinishi noto‘g‘ri bo‘lishi aytiladi.

«Dunyoning 32 mamlakatidan bo‘lgan 239 olim viruslar uzoq vaqt havoda aerozol tomchilarida yashab qolishi haqida xulosa bergan. Shunga ko‘ra, virusli infeksiyalarning havo orqali yuqishi ham keng tarqalgan. Bu haqda olimlar shu yilning iyul oyida JSST bosh direktoriga ochiq xat yo‘llashgan. Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, biz havo oqimlarining harakati haqidagi matnlarda biron bir mamlakatning nomini eslash boshqa mamlakatlarda xavfli infeksiyani tarqalishida shubha tug‘dirishi mumkin deb hisoblaymiz», deyiladi Turkmaniston tashqi ishlar vazirligi xabarida.

Turkmaniston tomoni yuqoridagi ma'lumotlarni tayyorlagan va tarqatgan tojikistonlik muxbirning siyosiy xato qilganini ta'kidlab, xalqaro amaliyotda qabul qilingan siyosiy etika normalarini buzishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini eslatgan.

Top