22:37 / 29.07.2020
3887
Umumiy ishsizlik tashvishi: Xitoyda OTMlarni tugatgan 9 million talaba xavotiri haqida

Pandemiya va uning ortidan kelib chiqqan inqiroz tufayli bu yil dunyo miqyosida OTMlarni tamomlab, mehnat bozoriga kirib kelgan bitiruvchilar uchun yaxshi ish topish har doimgidan qiyinroq bo‘lmoqda. The Diplomat nashri mazkur mavzu yuzasidan Xitoy yoshlari misolida so‘z yuritdi.

Foto: CFP

Xitoyning Chjyetszyan universiteti bitiruvchisi Xu Tsisyuan oliy ta'limni tugatgani uchun xursand bo‘lsa ham, hayotining keyingi bosqichini tasavvur qila olmayotgani, virus tufayli vujudga kelgan noaniq vaziyat tufayli xavotirda qolgan.

Bu kayfiyat faqat Xu uchun emas, balki Xitoy va butun dunyo universitetlari bitiruvchilari uchun umumiy bo‘lib qolmoqda.

Ta'limning o‘zgacha yakuni

Joriy yilda 9 million talaba Xitoy OTMlarini tugatdi. Ular mehnat bozoriga o‘ta noaniq vaziyat hukmron bo‘lib turgan paytda kirib bormoqdalar. Bunday vaziyat «Buyuk inqiroz» davridan beri birinchi marta kuzatilmoqda.

Iyun oyining boshida Xitoyning turli hududlarida, ayniqsa, Pekinda joylashgan universitetlar o‘zlarining bitiruvchi kurs talabalariga universitet hududiga qaytishga ruxsat bergan edi. Ular bir necha oylik ijtimoiy masofalanish talablaridan so‘ng karantin talablariga qat'iy amal qilgan holda o‘quv binolariga qaytishgan va do‘stlari davrasida bo‘lishgan edi.

Lekin yana yangi keyslar aniqlana boshlagach, hukumat hali universitet kampuslariga yetib kelmagan bitiruvchi kurslarni qaytmaslik to‘g‘risida ogohlantirdi. Bu esa ko‘pchilik talabalarning kayfiyatini tushirgani shubhasiz.

Qisqargan imkoniyatlar

Bunday kayfiyatda o‘qishni tugatayotgan talabalardan biri, Chjyetszyan universiteti talabasi Veyi pandemiya ta'sirida ko‘plab ish beruvchilar o‘z xodimlarini zo‘rg‘a ta'minlab turgan bir paytda ularning yangilarga ish bera olish imkoniyatlari kam deb hisoblaydi. Yana bir bitiruvchi esa agar imkon bo‘lsa, stajyorlik uchun ham rozi ekanini ta'kidlagan.

Xitoyda ish o‘rinlari uchun talabgorlar ham ko‘pchilikni tashkil qiladi. Masalan, 2019 yilda davlat tashkilotlaridagi 24 mingta bo‘sh ish o‘rni uchun 1,4 million kishi kurashgan. Bunda bir o‘rin uchun 60 nafar talabgor to‘g‘ri kelgan.

Pandemiya yuzaga chiqargan tengsizlik

Bundan tashqari, pandemiya Xitoyda turli ijtimoiy muammolarni ko‘tardi. Masalan, gender tengligi muammosi va qizlarning ish o‘rinlariga qabul qilinish imkoniyatining kamroq ekani bunga misol bo‘la oladi. Bitiruvchi talaba qizlardan biri bu haqida shunday deydi:

«Guruhimizda qiz bola talabalardan faqat mening hujjatlarim ish beruvchilar tomonidan qabul qilingan edi. Biroq ular birozdan so‘ng men ishga kirmoqchi bo‘lgan o‘ringa faqat magistr darajasiga ega bo‘lganlarni olamiz, deb qaytarishdi».

Xitoydagi xalqaro talabalarni ham o‘zlarining vaziyati o‘ylantirmoqda.

Pekin universitetining Huawei’da ishlash imkonini qo‘lga kiritgan chet ellik bitiruvchisi ish o‘rnidan ayrilib qolishdan xavotirda.

«Xitoy viza tartibi bu yerda ishlashimga ta'sir ko‘rsatishidan xavotirdaman. Ayrim do‘stlarim bilan xuddi shunday bo‘ldi. Men esa pandemiyaga qaramay ish topganimdan xursandman, biroq talaba vizamni ishchi vizaga o‘zgartirish muammo bo‘lmasmikan, degan xavotirdaman», – deydi u.

«Ishchi viza olish muammo bo‘lishi mumkin» – xorijlik talabalar

Xitoyda talaba vizasini ishchi vizaga almashtirish uchun shaxs mamlakatni tark etishi va qaytadan Xitoy xalqaro viza agentligiga murojaat qilib, ishchi sifatida mamlakatga kirishi zarur. Pandemiya esa davlatlararo sayohatlarni qiyinlashtirib yubordi.

Qimmat narxdagi va ma'lum maqsadlarda amalga oshirilayotgan aviaqatnovlarda yana qaytib kelish uchun joy olish esa muammo. Xitoyga kelgandan so‘ng majburiy karantinga olinish uchun to‘lanadigan xarajatlar haqida esa aytmasa ham bo‘ladi.

Rasmiy statistika ishsizlik darajasi pasayayotganini ko‘rsatmoqda

Xitoy hukumati ham ishsizlik ko‘rsatkichining yuqorilashi va bitiruvchilarni ish bilan ta'minlash muammosini hal qilish uchun firmalarga soliq imtiyozlari bergan, turli monetar choralar ko‘rib kelinmoqda. Shuningdek, Xitoy Xalq banki ham o‘rta muddatli qarz berish stavkasini 20 birlikka pasaytirib, 2,95 foizga tushirgan.

E'tiborlisi, Xitoy shaharlarida ishsizlik ko‘rsatkichi fevralda 6,2 foiz bo‘lgan bo‘lsa, may oyida bu ko‘rsatkich 5,9 foizga yetgan. Bu kichik yutuq, shuningdek Xitoyning virus ustidan g‘alaba qozonayotganini yaxshi yangilik deyish mumkin. Endilikda yil oxirigacha Xitoyda shahar aholisi o‘rtasidagi ishsizlik darajasi 10 foizga chiqadi, degan prognozlar o‘zini oqlamasligi ehtimoli yuqori.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top