17:46 / 29.07.2020
4764
Yuraklarni azoblayotgan oqqon – yana uch bemor yordamingizni kutmoqda

Qon kasalliklariga chalingan bemorlar qilgan murojaatlar xayriya aksiyalarimizda katta o‘rin egallaydi. Dard murakkab, davolanish uzoq, dori darmonlar qimmat, oilalar nochor... Bu umumiyliklar takror va takror mazkur mavzuni ko‘tarishimizga sabab bo‘ladi.

Bugun ham yordam umididagi uch bemorimiz haqida so‘zlab bermoqchimiz.

Ikki og‘ir dard ustiga yana qon kasalligi...

Dastlabki bemorimiz chirchiqlik 17 yoshli o‘g‘lim Farrux Qurbonboyev. Hayotning bu yigitga atagan sinovlari juda ko‘pligiga e'tibor qarating:

– Bolaginamning o‘zi tug‘ma nogiron. Shifoxonada muntazam davolanib turadi. Katta bo‘lgunicha uni opichlab olib yurar edim. Endi kuchim yetmay qoldi. Taksida olib yurishga sharoitim bo‘lavermaydi. Nogironlik aravachamiz bo‘lsa, avtobuslarda ham qiynalmay olib yurardim.

Yaqinda shvabraga yumshoq latta o‘rab hassatayoq yasab berdim. Bu bilan faqat uyda yura oladi. Bolaginam gepatit bilan ham kasallangandi. Lekin bu ham sinovlarning hammasi emas. Shundoq ham ikki og‘ir kasallik ustiga gemofiliya kasalligi qo‘shilganligi har qanday oilani, har qanday inson qaddini egib qo‘yarkan. Davolanish uchun juda katta mablag‘ sarflanayapti.

Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish instituti dezinfeksiyaga yopilgan paytda o‘g‘limni uyga olib keldim. Turmush o‘rtog‘im ham muqim ishda emas. Iltimos, o‘g‘limga yordam beringlar, – deb yig‘laydi Farruxning onasi Shoira Qurbonboyeva.

Farrux Qurbonboyevga oid ma'lumotlar:

Karta raqami: 8600 0417 6223 7148 (Agrobank, onasi Shoira Qurbonboyeva nomida)

Telefon raqami: +998977006504

Har oy davolatish 15 mln so‘m

Navbatdagi bemor chustlik Naima Ermamatova. 19 yoshni qarshilagan, oliy o‘quv yurtlari talabasi yoki bir oilaning bekasi bo‘ladigan yoshdagi Naima juda murakkab dard bilan olishmoqda.

– Naima uch farzandimning kattasi. 2019 yil mart oyida bolaginamga “O‘tkir miyeolblast leykoz” tashxisi qo‘yildi. Bu kasallik haqida bilgan paytimdagi holatimni hech bir onaga ravo ko‘rmayman. Yaxshiki shifokorlar ko‘nglimni ko‘tarishdi, qo‘llaridan kelganini qilishdi va hamon qilishmoqda. Deyarli bir yarim yildirki har yigirma kunda bolamni Toshkentdagi gematologiya va qon quyish shifoxonasida davolatamiz hamda har oy muolajalar uchun o‘rtacha 10-15 million so‘m mablag‘ kerak bo‘ladi. Shu kunga qadar mollarimizni, uchastkamizni sotdik. Tanishlaru qarindoshlardan ham ancha qarz ko‘targanmiz. Juda murakkab vaziyatga tushib qolganimizdan keyin xalqimizdan yordam so‘rashga majbur bo‘layapman, – deydi Naimaning volidasi Nafisa Usmonova.

Naima Ermamatovaga oid ma'lumotlar:

Karta raqami: 8600 0417 8484 3857 (Agrobank, onasi Nafisa Usmonova nomida)

Telefon raqami: +998990178563

Bir o‘g‘ilni 17 yoshga yetkazish osonmi?

So‘nggi bemorimiz Jahongir Qosimov 17 yoshda. Chiroqchilik Jo‘ra Eshdavlatov o‘g‘lini davolatish uchun bir oyog‘i Toshkentda.

– Men chiroyli gaplarni bilmayman. Lekin hech bir insonning boshiga bunday kunlar tushmasin deb niyat qilaman. Bir o‘g‘ilni umid bilan o‘stirish, 17 yoshga yetkazish osonmi? Bolam uchun jonimni bergan bo‘lardim, lekin unga mening jonim emas, o‘zining sog‘ligi kerak bo‘layapti.

Oqqon shunday murakkab kasallik ekanki, na mol-qo‘y, na qo‘lga ilingulik narsa qoldi. O‘zbekistonda saxiy insonlar ko‘p, ular oz-ozdan berganlari ham bizni qiyin vaziyatdan chiqarib olardi, – deydi ota.

Jahongir Qosimovga oid ma'lumotlar:

Karta raqami: 8600332917682530 (Ipotekabank, otasi Jo‘ra Eshdavlatov nomida)

Humo: 9860 0301 0132 4298 (Agrobank, otasi Jo‘ra Eshdavlatov nomida)

Sberbank: 4817760293694877 (akasi Doniyor Qosimov nomida)

Paynet uchun raqam: +998900347104

Telefon raqami: +998934236763

Azizlar! Qilgan ehsonlaringizning o‘rni to‘lib borayotganiga ko‘p marta guvoh bo‘lgansiz. Bugun uch nafar yoshlarimiz umidli ko‘zlarini tikib turibdilar va siz ularni albatta duolaringizda eslaysiz. Imkoni borlar esa ataganlarini beradilar.

Abror Zohidov.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Top