10:15 / 30.07.2020
4236
Bog‘cha ta'mirini dasturga kiritish «shapka»si 400 dollar – Mirishkorda MTB mutaxassisi pora bilan qo‘lga olindi

Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani maktabgacha ta'lim bo‘limi qurilish bo‘yicha mutaxassisi P.R. 15-maktabgacha ta'lim muassasasi rahbaridan pora olayotgan vaqtda qo‘lga olingan. Bu haqda Mirishkor tuman hokimligi axborot xizmati Kun.uz’ga xabar berdi.

Ma'lum bo‘lishicha, 15-maktabgacha ta'lim muassasasi binolari ta'mirga muhtoj bo‘lib qolgani sababli mudira muassasani ta'mirlatishga harakat boshlaydi. Joriy yil iyul oyi o‘rtalarida tuman maktabgacha ta'lim bo‘limining qurilish bo‘yicha mutaxassisiga shu masalada uchrashadi. Ammo mutaxassis MTM ta'mirini joriy yilgi dasturga kiritish uchun 400 AQSh dollari miqdorida mablag‘ so‘raydi.

Shundan so‘ng mudira Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Mirishkor tumani bo‘limiga ariza bilan murojaat qilib, holat haqida xabar beradi.

Huquqni muhofaza qilish idoralari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda MTB mutaxassisi mudiradan xizmat xonasida 2 million so‘m pulni olgan vaqtida ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan P.R.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Top