11:37 / 30.07.2020
875
Bolalar o‘yinchoqlarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament ishlab chiqildi

Vazirlar Mahkamasining 23.07.2020 yildagi “Bolalar o‘yinchoqlarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida”gi 451-son qarori qabul qilindi. Hujjat e'lon qilingan kundan boshlab 12 oy o‘tgandan keyin amalga kiritiladi.

Foto: Norma.uz

"O‘zstandart" agentligiga vakolatli davlat organlari bilan birgalikda umumiy texnik reglament amalga kiritilgan kundan boshlab, bolalar o‘yinchoqlarini standartlashtirish bo‘yicha normativ hujjatlarni qo‘llashda majburiylik xususiyatini bekor qilish va ixtiyoriy qo‘llashni ta'minlash yuzasidan belgilangan tartibda choralar ko‘rish topshirildi.
 
Norma’ning yozishicha, texnik reglament bolalar o‘yinchoqlari xavfsizligi, bolalar va ularga qarovchi shaxslarning hayotini muhofaza qilish maqsadida ishlab chiqilgan. U bolalar o‘yinchoqlarini xavfsiz ishlab chiqarish hamda sotish talablarini belgilaydi, shuningdek, bolalar o‘yinchoqlaridan foydalanish va ularning xavfsizligi xususida iste'molchilarni chalg‘ituvchi harakatlarning oldini oladi.
 
Texnik reglamentga ilovada “bolalar o‘yinchog‘i” deb qaralmaydigan mahsulotlar, xususan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga mo‘ljallanmagan, kolleksiya uchun to‘plangan masshtabli modellar, archa o‘yinchoqlari, bolalarning o‘yin maydonlari jihozlari, sport inventarlari, o‘yin avtomatlari, pnevmatik qurol va h.k. keltirilgan. Texnik reglament talablari ularga, shuningdek shaxsiy buyurtmalar va ko‘rgazma nusxalari sifatida tayyorlangan o‘yinchoqlarga tatbiq etilmaydi.
 
Texnik reglamentga quyidagi xavfsizlik turlari bo‘yicha talablar kiritilgan:

yong‘in xavfsizligi;

kimyoviy xavfsizlik;

toksikologik-gigiyenik xavfsizlik;

elektr, radiatsion, mikrobiologik xavfsizlik;

qadoqlashga, tamg‘alashga oid xavfsizlik oid xavfsizlik va boshqalar.
 
Hujjatda xavfsizlikka muvofiqlikni ta'minlash, muvofiqlikni baholash va tasdiqlash choralari, amalda bo‘lgan, o‘tish davrida (ular texnik reglamentga muvofiqlashtirilguniga qadar) bolalar o‘yinchoqlariga xavfsizlik talablarini tartibga soladigan normativ hujjatlardan foydalanish tartibi, shuningdek texnik reglament talablariga rioya qilish bo‘yicha davlat nazoratini amalga oshirish tartibi bayon etilgan.
 
Hujjat 24.07.2021 yildan kuchga kiradi.

Top