13:30 / 30.07.2020
9250

Dunyoda koronavirusdan zararlanganlar soni 17 milliondan oshdi. To‘rt kunda 1 milliondan oshiq yangi holat qayd etilgan

Onlayn tarzda hukumatlar bergan ma'lumotlar va rasmiy manbalar axboroti asosida statistikani taqdim etib borayotgan AQShning Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, payshanba kuni butun dunyoda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari soni 17 milliondan oshdi. AQShda koronavirus tufayli vafot etganlar soni 150 ming kishidan oshgan.

Foto: AP/TASS

Koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon dunyoda virusdan zararlanish bilan bog‘liq qayd etilgan holatlar soni 30 iyul kuni Toshkent vaqti bilan soat 13:00 holatiga ko‘ra 17 million 39 mingdan oshgan. Jons Hopkins universiteti ma'lumotiga ko‘ra, so‘nggi bir kunda 347 ming 124ta yangi holat qayd etilib, jami holatlar soni 17 milliondan oshgan.

Bir kun oldin kunlik o‘sish holatlari soni 210 mingdan oshiqroq bo‘lgandi.

Dunyoda virus tufayli vafot etganlar soni 667 218tani tashkil etmoqda, so‘nggi bir kunda o‘limlar soni - 7 934taga o‘sgan (chorshanba kuni kunlik o‘sish 5085taga teng bo‘lgandi). Shu vaqtgacha qariyb 10 mln kishi kasallikdan tuzalib chiqqan.

Pandemiya davrida kasallanish holatlari soni 1 millionlik nuqtadan o‘tgan davlatlar soni uchta - AQSh, Braziliya va Hindiston.

Qo‘shma shtatlarda shu vaqtgacha 4,42 mln holat qayd etilgan (kunlik o‘sish - 74 985), 150 713 kishi vafot etgan (kunlik o‘sish - 1 475), 1,4 mln kishi tuzalib chiqqan.

The New York Times gazetasi ma'lumotlariga ko‘ra, iyun oyining oxiridan boshlab AQShda koronavirusning yangi to‘lqini kuzatilgan. Kasallikka chalinganlarning sutkalik rekordi 16 iyul kuni qayd etilgan. Bu kunda AQShda 75,6 ming kishida koronavirus aniqlangan.

Braziliyada kasallanish holatlari soni 2,55 millionga yetgan (kunlik o‘sish - 69 074), 90 134 kishi vafot etgan (kunlik o‘sish - 1 595), 1,92 milliondan oshiq kishi tuzalib chiqqan.

Kasallanish holatlari soni ko‘pligi bo‘yicha uchinchi o‘rinda Hindiston bormoqda. Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, so‘nggi bir kunda yana 52 ming 123 kishiga tashxis qo‘yilgan va jami holatlar soni 1 583 792taga yetgan, shundan 34 981 kishi vafot etgan, 1 milliondan ortiq kishi tuzalgan.

O‘lim holatlari soni ko‘pligi bo‘yicha uchinchi o‘rinda Buyuk Britaniya joylashgan, bu yerda pandemiya davrida 46 046 kishi koronavirus qurboni bo‘lgan, jami 303 063 kishi virusdan zararlangan.

Worldometer portali ma'lumotiga ko‘ra, sayyoraning har 1 million kishisiga 86ta o‘lim holati to‘g‘ri kelmoqda. AQShda har 1 mln kishidan 465 nafari vafot etgan, Braziliyada bu ko‘rsatkich - 424ga, Hindistonda - 25ga, Buyuk Britaniyada esa - 677taga teng.

Avvalroq JSST bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyyesus pandemiya kuchayishda davom etayotganini ma'lum qilgandi: so‘nggi olti haftada jami kasallanganlar soni ikki barobarga ko‘paygan.

Tashkilot prognozlariga ko‘ra, odamlar faqat 2021 yilning ikkinchi yarmiga borib vaksina olishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 26 iyul kuni dunyoda koronavirusdan zararlanish holatlari soni 16 millionlik nuqtadan o‘tgandi.

  • 30 iyul kuni soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusdan kasallanish bilan bog‘liq 22 ming 872 holat qayd etilgan, shu vaqtgacha bemorlarning 12 mingdan ortig‘i tuzalib chiqqan, 132 kishi vafot etgan. Ayni vaqtda 9803 bemor davolanmoqda, ulardan 365 nafari og‘ir, 172 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.
Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top