19:11 / 30.07.2020
12344

«Koronavirusga chalingan, yondosh kasalliklari bo‘lmagan homilador ayollarda umuman o‘lim holatlari kuzatilmagan» – ekspert

Sog‘liqni saqlash vazirligi boshqarmasi boshlig‘i Barno Abdusamadovaning ma'lum qilishicha, koronavirusga chalingan, yondosh kasalliklari bo‘lmagan ayollarda umuman o‘lim holatlari kuzatilmagan.

«Koronavirusga chalinganlar orasida homilador ayollar ham uchrab turibdi. Hozirgi kunga qadar 2,5 mingdan ortiq homilador ayol karantin nazoratiga olingan bo‘lsa, ularning 234 nafarida koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan.

COVID-19 infeksiyasini yuqtirgan homilador ayollarning 120 nafari sog‘ayib, uyiga ruxsat berilgan. Ming afsuslar bo‘lsinki, kasallikka chalinganlarning 2,9 foizi o‘lim bilan tugagan. Bu biz uchun juda mudhish holat.

Homilador ayollarning qaysi kontingentida o‘lim holati ko‘proq yuz berganiga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2,9 foizning ichida oddiy homiladorlikda koronavirus yuqtirilganda kasallik og‘ir kechmaydi. Homilador ayol homilasini lozim darajada parvarishlashni davom ettirsa, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilsa, jarayon yengil o‘tadi», deya Barno Abdusamadovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning qo‘shimcha qilishicha, homiladorlar o‘rtasida o‘lim holatlari ko‘proq hamroh kasalliklari bor bemorlarda kuzatilmoqda.

«Semizlikning ikkinchi, uchinchi darajasi, yurak-qon tomir yetishmovchiligi, nafas tizimi kasalliklari, buyrak kasalliklari o‘limga sabab bo‘lishi mumkin. Lekin tajribada hamda JSST izlanishlarida faqat koronavirusga chalingan, yondosh kasalliklari bo‘lmagan ayollarda umuman o‘lim holatlari kuzatilmagan.

Hozirgi vaqtda, ya'ni karantin davrida homilador ayollarning uylaridan imkon qadar tashqariga chiqishlari man etiladi. Chunki agar homiladorda fiziologik jarayon kechayotgan bo‘lsa, mutaxassislar ularga ko‘chaga chiqib, odamlar ko‘p to‘planadigan joylarga borishlari taqiqlanadi», deydi Barno Abdusamadova.

SSV 29 iyul kuni Toshkentda ikkinchi farzandiga homilador bo‘lgan 22 yoshli ayol koronavirusdan vafot etganini ma'lum qilgan, biroq o‘lim aynan qaysi sanada ro‘y berganini ochiqlanmagan.

Bunga qadar ham koronavirusga chalingan bir qancha homilador ayollarning vafot etgani haqida xabar berilgan.

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova 8 iyul kuni AOKA huzuridagi shtabda o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekistonda shu vaqtgacha 208 nafar homilador ayolda koronavirus aniqlanganini ma'lum qilgan edi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top