22:23 / 30.07.2020
23205
O‘zbekistonda koronavirus tasdiqlanmagan, ammo o‘xshash alomatlardan vafot etganlar statistikasini yuritish taklif etildi

Maxsus komissiyaga koronavirus tashxisi qo‘yilmagan bo‘lsa-da, COVID-19`ning klinik belgilari bilan vafot etgan bemorlarni rasmiy statistikaga kiritish taklifini berilgani ma'lum qilindi.

Bugun, 30 iyul kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda koronavirus tashxisi qo‘yilmagan bo‘lsa ham, uning klinik belgilari tufayli vafot etayotganlar statistikasi yuritilmayotganiga izoh berildi.

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Habibullo Oqilovning aytishicha, ayni paytda faqat PZR tahlili koronavirusni tasdiqlagan bemorlar statistikaga kiritilmoqda. Pnevmoniya tufayli vafot etgan, lekin vafotiga qadar koronavirus tashxisi qo‘yilmagan marhumlar esa statistikaga kiritilmayapti.

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Anvar Alimov esa JSST a'zo davlatlar bilan bir necha bor muloqot olib borganini va unda koronavirus tashxisi qo‘yilmagan, lekin uning belgilari bilan vafot etgan bemorlarni ham koronavirus tufayli vafot etganlar ro‘yxatiga kiritish masalasi ko‘rilganini ma'lum qildi.

«Qozog‘iston bu tizimga avgust oyidan o‘tishni rejalashtirgan. Biz ham maxsus komissiyaga PZR tahlili asosida koronavirus tashxisi qo‘yilmagan bo‘lsa-da, klinik tashxis qo‘yilgan, vafot etgan bemorlarni rasmiy statistikaga kiritish taklifini berganmiz», – dedi shtab a'zosi Anvar Alimov.

Rasmiylarga ko‘ra, Toshkentda 70dan ortiq oilaviy poliklinikaning 10tasi koronavirusga ixtisoslashgan poliklinikalar sifatida faoliyat yuritayotgani o‘z samarasini bermoqda. Shahardagi kunlik murojaatlar soni 6 mingdan 4,5 mingga kamaygan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top