16:02 / 30.07.2020
37179

Shahrisabz tumani hokimi ishdan olindi, uning o‘rniga yangi rahbar tayinlandi

Samad Hasanov Shahrisabz tumani hokimi lavozimida ish boshladi.

Samad Hasanov . Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi

Xalq deputatlari Shahrisabz tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Qashqadaryo viloyat hokimligi xabar bermoqda.

Yig‘ilishda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev so‘zga chiqib, tumanda amalga oshirilayotgan ishlar talab darajasida emasligini ta'kidlagan. Fuqarolar murojaatlari, ta'lim tizimi, yo‘llar, qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish va eksport masalalariga umuman e'tibor qaratilmagani aytilgan.

Tumandagi 30 ta maktablarda isitish tizimi yo‘q, 6 tasi ta'mirtalab. Maktabgacha ta'limga qamrov 47 foiz. Prezident qarori bilan bugun viloyatdagi 20 000 ta ehtiyojmand oilaga 1 million so‘mdan naqd pul berilishi boshlangan edi. Ushbu tumanda 1040 nafar ehtiyojmand oila bo‘la turib, bugun ushbu xayrli ish amalga oshirilmadi, deyiladi xabarda.

Sessiya ishida tashkiliy masala ko‘rildi. Unda tuman hokimi lavozimida ishlab kelgan Isroil Omonov vazifasidan ozod etildi. Uning o‘rniga Muborak tumani prokurori vazifasida ishlab kelayotgan adliya maslahatchisi Samad Hasanov tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning 20 oktabr kuni Xalq deputatlari Shahrisabz tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Isroil Omonov tuman hokimi lavozimiga tayinlangandi. 

Mavzuga oid
Top