07:58 / 31.07.2020
5101
AQSh Eronga qarshi yangi sanksiyalar kiritdi

AQSh Tehronga qarshi yangi sanksiyalar kiritib, Eronga uning yadro, raketa va harbiy dasturlarida qo‘llanishi mumkin bo‘lgan metall va materiallar yetkazishni taqiqladi. Bu haqda AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo ma'lum qildi.      

“Bugun davlat departamenti Eronning yadro, harbiy va ballistik raketa dasturlari bilan bog‘liq holda qo‘llanuvchi 22 ta materialni aniqlashtirib oldi. Bunday materiallarni Eronga beruvchilar AQShning Eron erkinligi haqidagi qonunining 1245-bandiga muvofiq sanksiyalar ostiga tushadi”, deb aytilgan Pompeo bayonotida.  

Uning ta'kidlashicha, Eronning yadro, raketa va harbiy dasturlari “xalqaro tinchlik va xavfsizlikka jiddiy xavf soladi”.

Bundan tashqari, Eronning qurilish tarmog‘iga materiallar yetkazilishi ham taqiqlandi, chunki AQShning fikricha, ushbu tarmoq Islom inqilobi muhofizlari korpusi tomonidan nazorat qilinadi.

Taqiq ostiga tushgan metallar orasida alyuminiyning 7 ta turi, uning qotishmalari, alyuminiy kukuni, bir necha turdagi po‘lat, berilliy bronzasi va volfram-mis qotishmasi bor. 

AQSh 2019 yil kuzida ham Eronga grafit, ko‘mir, metall xomashyosi kabi materiallarni sotishni, yetkazishni yoki berishni yoxud bu materiallarning Erondan importini taqiqlagandi.

Top