08:32 / 31.07.2020
2163
«Baholash faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri e'lon qilindi

Qonunning maqsadi baholash faoliyatini amalga oshirganda yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Baholash faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri loyihasi e'lon qilindi.

Baholash faoliyati mustaqillik, xolislik, halollik, professional layoqatlilik va maxfiylik prinsiplari asosida amalga oshiriladi.

Baholovchi tarafkashlikdan xoli bo‘lishi, o‘zining nomiga dog‘ tushiradigan omillarga yo‘l qo‘ymasligi lozim.

Mustaqillikka to‘sqinlik qiluvchi holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, baholovchi tashkilot baholash xizmatlarini ko‘rsatishdan bosh tortishi kerak.

Baholovchi jamoat manfaatlari ustuvorliklariga rioya qilishi, xolis bo‘lishi va taraflilik, manfaatlar to‘qnashuvi yoki boshqa shaxslarning bosimi sababli o‘zining professional fikrini xavf ostiga qo‘ymasligi, baholovchi tashkilot obro‘siga salbiy ta'sir ko‘rsatadigan holatlarga yo‘l qo‘ymasligi lozim.

Baholovchi ushbu Qonun talablariga rioya qilishi, munosib professional layoqatlilik darajasiga ega bo‘lishi hamda kasbiy bilimlar va ko‘nikmalarini baholovchi tashkilot tarkibida baholash xizmatlarini sifatli ko‘rsatish uchun yetarli darajada saqlab turishi lozim.

Baholovchilar hamda baholovchi tashkilotlar xodimlari baholash xizmatlarini ko‘rsatish chog‘ida o‘zlariga ma'lum bo‘lib qolgan ma'lumotlarni ushbu baholash xizmatlari ko‘rsatilgan shaxslarning yozma roziligisiz oshkor qilishga va boshqa shaxslarga berishga haqli emas.

Baholash standartlari o‘zaro bir-biriga bog‘langan normalar va qoidalar majmuidan iborat bo‘lib, quyidagilarni belgilab beradi:

baholash tushunchasi va prinsiplari;

baholash faoliyatida qo‘llaniladigan atamalar va ta'riflar;

qiymat turlariga qo‘yiladigan talablar;

dastlabki axborotga qo‘yiladigan talablar;

baholashni o‘tkazish tartibi;

baholash yondashuvlari va usullarini qo‘llash xususiyatlari;

baholash natijalarini rasmiylashtirishga talablar;

boshqa talablar.

Baholash standartlari xalqaro baholash standartlarining prinsiplari hamda eng yaxshi xorijiy amaliyotlar asosida ishlab chiqiladi va O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq kelishi lozim.

Baholash standartlariga qo‘shimchalar va o‘zgartishlarni ishlab chiqish, tasdiqlash, kiritish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.

Baholash faoliyatini tartibga solish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardir:

ilg‘or xalqaro amaliyot asosida baholash faoliyatini va baholash xizmatlari bozorida halol raqobatni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;

obekt qiymatini baholashning roli, ahamiyatini hamda baholovchi tashkilotlarning ko‘rsatilayotgan baholash xizmatlari sifati uchun javobgarligini oshirish;

baholovchilarni kasbiy tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish;

baholovchi tashkilotlar ishi sifatini tashqi nazorat qilishning ishbilarmonlar hamjamiyatining baholovchi tashkilotlar ishi natijalariga bo‘lgan ishonchini saqlab turishga qaratilgan ta'sirchan tizimini shakllantirish;

mahalliy baholashni xorijiy baholash xizmatlari bozorlariga olib chiqish;

yoshlarni baholash faoliyati bilan shug‘ullanishga jalb qilish hamda professional jamoat tashkilotlarining tegishli oliy ta'lim muassasalari bilan faol hamkorligini ta'minlash.

Top