22:49 / 31.07.2020
3587
Ijtimoiy masofa saqlash natijasi: dunyoda mavsumiy gripp kasalligi keskin kamaydi

Global miqyosda ijtimoiy masofa saqlash qoidalari amal qilishi tufayli gripp kasalliklarining qayd etilishi rekord darajada kamaygan. Bu esa karantin tartiblari yuqumli kasalliklarning tarqalishini misli ko‘rilmagan darajada pasaytirganidan darak bermoqda.

Foto: REUTERS/Yves Herman

So‘nggi ma'lumotlarning tasdiqlashicha, Xitoyda keng qamrovli karantin cheklovlari joriy etilishi mamlakatda qizamiq, tepki va ayrim yuqumli jinsiy kasalliklar kamayishiga sabab bo‘lgan, deb yozmoqda Reuters.

XXR Sog‘liqni saqlash vazirligining ma'lumotlariga ko‘ra, infeksion kasalliklar bo‘yicha statistik kuzatuvlarda karantin cheklovlari amalga kiritilgan dastlabki davrdan to hozirgacha bo‘lgan muddatda bunday kasalliklar 90 foizga (290 mingdan 23 mingta holatga) kamayganini ko‘rsatgan.

Gripp bo‘yicha Kanadada o‘tkazilgan yangi tadqiqotlar ham mamlakatda gripp ko‘rsatkichlari keskin kamayganini ko‘rsatgan. Xuddi shu tendensiya Buyuk Britaniya va Avstraliyaning so‘nggi statistikalarida ham aks etgan.

«Biz yilning shu davrida virusli infeksiyalarning eng past ko‘rsatkichini kuzatyapmiz. Odatda, bu paytda va qishda ham palatalar nafasi xirillab qolgan bolalar bilan to‘la bo‘lardi. Hozir esa ular bo‘sh», – deydi Sidney universiteti infeksion kasalliklar eksperti Ben Mare.

Janubiy Koreyaning infeksion kasalliklar portali o‘tgan haftada e'lon qilgan ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatda infeksion kasalliklar qayd etilishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 83 foizga qisqargan.

JSST tahlillariga ko‘ra, mavsumiy gripp har yili 3-5 million insonda og‘ir o‘tadi, 500 mingtagacha o‘lim holati kuzatiladi.

Xursand bo‘lishga erta

Garchi ijobiy ko‘rsatkichlar kuzatilib, gripp infeksiyasi holatlari kamaygan bo‘lsa-da, buni salbiy baholayotgan ekspertlar ham bor. Ta'kidlanishicha, gripp holatlarining keskin kamayishi immun tizimiga salbiy ta'sir qilishi va keyingi mavsumlar uchun bu yaxshi bo‘lmasligi mumkin.

«Bu mavsumda kasallik kamaygani keyingi mavsumlarda odamlarni ta'sirchanroq qilib qo‘yishi mumkin. Shuning uchun bu yo‘nalishdagi kuzatuvlarni ehtiyotkor bo‘lib olib borish kerak», – deb hisoblaydi Ben Mare.

Statistika adashayotgan bo‘lishi ham mumkin

Bundan tashqari, infeksion kasalliklardagi pasayish davlatlarda statistikaga hamma holat kiritilmay qolayotganini bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.

JSST ham gripp bilan bog‘liq tahlillarda ehtiyotkor bo‘lish kerakligini, pasayish pandemiya tufayli ba'zi davlatlar ularning statistikasini yuritishda qiyinchiliklarga duch kelayotgani bilan ham izohlanishi mumkinligini aytmoqda.

Qo‘shimcha qilinishicha, karantin cheklovlarining OIV va silga ko‘rsatadigan ta'sirini baholash ham imkonsiz bo‘lib qolmoqda.

Top