17:54 / 31.07.2020
20255

O‘zbekistonga kelgan 18 nafar amerikalik diplomat karantinga joylashtirildi

To‘rtta maxsus reys bilan O‘zbekistonga jami 256 nafar yo‘lovchi olib kelindi. 

Foto: Dunyo

Qurbon hayitning birinchi kuni Amerika va Kanadadan bir guruh vatandoshlar maxsus reys bilan olib kelindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi.

Nyu-Yorkdan parvoz qilgan samolyot Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi. Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi diplomatik vakolatxona ma'lumotiga ko‘ra, davlat rahbarining pandemiya davrida chet eldagi yurtdoshlarni vatanga qaytarish to‘g‘risidagi qaroriga binoan, Uzbekistan Airways aksiyadorlik jamiyati tomonidan maxsus charter reyslar tashkil etilmoqda.

So‘nggi to‘rtta maxsus reys bilan O‘zbekistonga jami 256 nafar yo‘lovchi (4 nafari chaqaloq) olib kelindi. Shundan 238 nafari O‘zbekiston fuqarosi, 18 nafar esa amerikalik diplomat va ularning oila a'zolaridir.

Respublika maxsus komissiyasi joriy qilgan tartibga ko‘ra, maxsus reys yo‘lovchilari karantin markazlari yoki o‘z tanlovlariga ko‘ra mehmonxonalarda 10 kunlik karantinda bo‘lishadi. Ayni paytda yo‘lovchilarning salomatligi bilan bog‘liq muammo yo‘q.

O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi va Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasida tashkil etilgan Tezkor shtabga mart oyidan buyon Amerika qit'asidagi mamlakatlarda qiyin vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolaridan jami 1 ming 881 ta murojaat kelib tushgan. Ularni vatanga qaytarish uchun iyun oyidan shu kunga qadar Uzbekistan Airways aksiyadorlik jamiyati tomonidan Nyu-York – Toshkent yo‘nalishida tashkil qilingan maxsus charter reyslarda 1 ming 26 nafar inson O‘zbekistonga qaytarilgan.

AQShdagi diplomatik vakolatxonadan xabar berishlaricha, 31 iyul holatiga ko‘ra, yana 815 kishi O‘zbekistonga qaytish istagida. Mamlakatning Vashingtondagi elchixonasi va Nyu-Yorkdagi Bosh konsulligi fuqarolar bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi. Keyingi charter reyslarda uyga qaytishni istagan yo‘lovchilar ro‘yxatini shakllantirish ishlari davom ettirilmoqda.

O‘zbekiston hukumatining qarori bilan 16 martdan boshlab barcha xalqaro reyslar, shu jumladan «Toshkent-Nyu-York-Toshkent» yo‘nalishida muntazam yo‘lovchi qatnovlari to‘xtatilgan.

Vashingtondagi elchixona va Nyu-Yorkdagi konsullik idoralari vatandoshlarimizdan pandemiya paytida yuzaga kelgan vaziyatni to‘g‘ri tushunishlarini so‘ragan. AQSh, Kanada va Amerika qit'asining boshqa shtatlarida istiqomat qiluvchi fuqarolarga yashash uchun ruxsatnoma asosida va O‘zbekistonga safar qilishni rejalashtirganlarga safarni epidemiologik vaziyat normallashgunga qadar ortga surishlari tavsiya qilingan. Agar buning iloji bo‘lmasa, fuqarolar AQShdan O‘zbekistonga keyingi charter reyslar uchun shakllantirilayotgan yo‘lovchilar ro‘yxatiga kiritilishi uchun elchixona yoki Bosh konsullikka murojaat qilishlari zarur.

Top